Va'dalarga bo‘kkan mahalla. Odamlar xonadoniga qachon gaz keladi?

Jamiyat 20:57 / 17.02.2018 25029

KUN.UZ tahririyatiga tushgan murojaat yuzasidan Asaka shahriga bordik.

Oddiygina, deyarli har kuni ko‘p bora uchraydigan muammoli holatlardan biri. Mahallada aholi bilan suhbat o‘tkazgach, Asaka shahar gaz idorasi boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilib, agar vaqti bo‘lsa, bir kelib ketishini so‘radik. Maqsad - mutasaddining o‘zi birga xalq bilan uchrashsa, muammoning kelib chiqishi sabablari va uni hal qilish imkoniyati bor-yo‘qligini bilish edi. Ko‘p fursat o‘tmay idora rahbari Javlon Ismoilov yetib keldi.

Foto: KUN.UZ

“Beruniy” mahallasidagi Jaloliddin Rumiy ko‘chasi deyarli shahar markazida joylashgan. Ko‘chada 85 ta xonadon bo‘lib,  105-ko‘pqavatli uy ham bor. Yashovchilarni bildirishicha, mahallaga 2012 yildan beri tabiiy gaz muntazam berilmaydi. Xonadon ahli o‘tin-cho‘p, ko‘mir bilan bir amallab, uylarini isita olar, lekin ko‘p qavatli uy(dom)da yashaydiganlarga qiyin.

Foto: KUN.UZ

Yillar davomida, mahalla ahlini murojaat qilmagan va yozmagan joyi qolmagan. Samara yo‘q. O‘tgan yanvar oyining 18-kuni mutasaddi J.Ismoilov J. Rumiy, Y. Oxunboboyev hamda A.Uzoqov ko‘chasida yashovchi aholi bilan uchrashuv o‘tkazgan. O‘sha kuni gaz idorasi rahbari 1 fevral kunidan ko‘chada gaz yonishiga va'da ham beribdi.

Biz borgan kuni mahalla kishilari rahbarga ana shu va'dani ham eslatishdi. Mutasaddining bildirishicha, ayni paytda mahallaning gaz ta'minoti izdan chiqishiga  Asaka shahridagi tekstil fabrikasi quvuri bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan. J. Ismoilov, mutaxassislarni yuborishi va ular quvurlardagi rejimni sozlashi, gaz bosimi ertadan ko‘tarilishiga yana va'da berdi.

Foto: KUN.UZ

Qizig‘i, mahallada istiqomat qiluvchi Nodirbek Ahmedov gaz idorasiga suyultirilgan ballon uchun ariza topshirsa, unga: “Mahalla gazlashtirilgan. Shuning uchun sizga ballon bera olmaymiz”, degan javob qaytarishgan. Qarang-a?.. Juda tushunarsiz holat. To‘g‘rimi?..

Bir jihatga alohida e'tibor qaratish zarur. Mahallada gaz bosimini yo‘q bo‘lib ketishiga sabab, ba'zi “insofli” xonadon egalari gazso‘rg‘ichlardan foydalanishmoqda. Aholi vakillarini bildirishicha, gaz idorasi ularni ushlab, qonuniy chora ko‘rishda sustkashlik qilmoqda.

Ular mutasaddiga “Qaysi xonadonda gazso‘rg‘ich borligini aytsak ham chora ko‘rilmayapti?”, degan savolni berishdi.

Shu o‘rinda mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilariga ham savolimiz bor. Nahotki, jamoatchilik vakillari bilan ko‘chalarni aylanib, gazso‘rg‘ich egalariga ta'sir chorasini ko‘rish mumkin emas? Mahallaning muammolarini hal qilishda oqsoqollar va kayvonilarning ham o‘rni katta, axir?

Gaz idorasi asosiy liniyaning har kim hohlagan joyidan quvur tortib ketganligiga ham e'tibor qaratishi zarur. Agar tashkilotning bitta brigadasi bir-ikki kun ko‘chada ish olib borsa, muammoni to‘laligicha oxiriga yetadi.

Foto: KUN.UZ

Biz borgan kunning ertasiga gaz idorasidan ko‘chaga mutaxassialar kelishib, ish tashkil qilishgan va nomiga yonayotgan gaz plitasini suratga olib ketishibdi. Xonadon egalari mutaxassislar ketgach, yana gaz pasayib ketganini aytishdi.

Yaqinda, bir mutasaddi bilan suhbatlashganimda u kishi o‘z tizimida virtual qabulxona va xalq qabulxonasi tashkil etilgach, murojaat rosa ko‘paygani, tizimda muammolar hal qilishga kattiq kirishilganidan so‘ng esa arzlar kamayib, faqat kunlik, oddiy murojjatlar qolganini aytgandi.

Ko‘rib turganingizdek, agar har bir tashkilot o‘z ishiga ma'suliyat bilan qarasa, albatta samara beradi.

Asakadagi J. Rumiy ko‘chasida ham tabiiy gaz taqsimoti joyiga tushib, aholi bu muammodan xalos bo‘ladi degan umiddamiz.   

Ko‘proq yangiliklar: