Prezident Buxoro shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

O‘zbekiston 13:16 / 17.02.2018 18381

Prezidentning o‘tgan yilgi tashrifidan so‘ng Buxoro viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi uy-joylar, yo‘llar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, madaniyat va sport majmualari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bu boradagi ishlar bugun ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Buxoro shahridan Kogon shahrigacha bo‘lgan yo‘lning ikki chetida arzon ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilmoqda. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari ushbu uy-joylar qurilish uchastkasida bo‘ldi.

O‘tgan yili may oyida boshlangan qurilish ishlari 27 ta pudrat tashkilotlari tomonidan olib borilmoqda. Ushbu 39 ta ko‘p qavatli turar joy bitgach, 1024 ta oila o‘z uyiga ega bo‘ladi. Shu paytgacha shaharda buncha ko‘p qavatli uy qurilmagan. Uylarni joriy yil mart oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Turar joylarni tez va sifatli qurish, bunda zamon talablari va aholi ehtiyojlarini hisobga olish, barcha ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish zarurligi ta'kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerda Buxoro shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari haqida ma'lumot berildi.

Ulardan biri - Islom Karimov ko‘chasi qiyofasini o‘zgartirish loyihasidir. Unga muvofiq, ko‘chaning ikki tomonida zamonaviy binolar, yashil hududlar, dam olish maskanlari va boshqa obektlar barpo etish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Ibn Sino, Ayniy, Hamza, Iqbol va boshqa ko‘chalarda ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, maishiy xizmat obektlari barpo etilmoqda. Bu aholini arzon va zamonaviy uylar bilan ta'minlash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident loyihalarni takomillashtirish, sifat va muddatga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: