Maxsus reportaj: Pyongchangdagi qishki Olimpiada volontyorlariga qanday sharoitlar yaratilgan?

Sport 11:11 / 17.02.2018 8037

 

 

Janubiy Koreyaning Pyongchang shahridagi Olimpiya stadionida 2018 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Xalqaro musobaqada umumiy hisobda 92 ta davlatdan 2952 sportchi ishtirok etmoqda. Joriy yilgi Olimpiadada ishtirok etuvchi davlatlar va sportchilar soni qishki Olimpiadalar uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Kun.uz axborot agentligining Janubiy Koreyadagi muxbiri xabar berishicha, Pyongchang shahri qishki Olimpiada o‘yinlarini qiziqarli o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Sport musobaqasiga joriy yilda 15 000 dan ortiq ko‘ngillilar ishtirok etmoqda. Ulardan 1 300 ga yaqini dunyoning 64 mamlakatidan tashrif buyurgan xorijiy davlat vakillaridir. Ko‘ngillilar orasida 18 yoshdan 80 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilarni uchratish mumkin. 

Ko‘ngillilarga qishki Olimpiadada ishtirok etish uchun quyidagi imkoniyatlar yaratilgan:

* Eng zamonaviy ustki kiyim-bosh to‘plami: qishki maxsus sport kiyimi (The North Face brendi), etik, shim, futbolka, shapka, qo‘lqop, ryugzak

* 3 mahal bepul taom. Shuningdek, mazali yeguliklar, ichimliklar

* Bepul transport xizmati va yotoqxona

* Maxsus anjuman va treninglarda ishtirok etish

* Sug‘urta

* Ishtirokchi sertifikati

Ko‘ngillilar Olimpiada tashkilotchilariga mehmonlarni kutib olish, ro‘yxatdan o‘tkazish, turli tadbirlarni tashkil etish va boshqa qo‘shimcha xizmatlarni bajarishda ko‘maklashishadi. Shuningdek, ular mazkur xalqaro musobaqa vaqtida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan insonlar bilan muloqotda bo‘lib, tajriba almashishga muvaffaq bo‘lishadi. 

Yelena Gerasimenko, 2018 yilgi qishki Olimpiada ko‘ngillisi:

"Men ilk bora bu kabi keng ko‘lamdagi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmoqdaman. Olimpiada o‘tkazilayotgan Kannin shaharchasiga yetib kelganimizda 92 mamlakat terma jamoalarining bayroqlarini ko‘rib, qanchalik buyuk va tarixiy hodisaning bir qismiga aylanishimni his etdim. Bu yerda ko‘plab tajribali volontyorlardan qiziqarli narsalarni o‘rganish mumkin. Men Ozarboyjon jamoasiga biriktirilganman. Asosiy vazifam: obekt manzilini, marshrutini aniqlash, delegatlarni kutib olish va kuzatib qo‘yish, transport xizmati haqida xabardor qilish va boshqalar. Tashkilotchilar ko‘ngillilarning o‘z vaqtida ovqatlanishi hamda dam olishini doimiy nazorat qilib borishadi".

Qishki Olimpiadaga nafaqat ishtirokchi, balki mehmon sifatida tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarning ham taassurotlarini bilishga qiziqdik.

Nadia Sabila (Indoneziya): 

"Men Pyongchangda o‘tkazilayotgan tadbirlardan hayratdaman. Sayyoh sifatida biz musobaqalardan tashqari, boshqa turli xildagi bayram va shoularda ishtirok etishga ulgurdik. Chang‘i uchish, maxsus tomoshalar ko‘rish, qiziqarli o‘yinlarda qatnashish, mazali yeguliklardan tatib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Biroq Pyongchangda qattiq izg‘irin shamol esishiga qaramay, biz Olimpiada tadbirlarida katta zavq olmoqdamiz".

Feruza Avazova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: