O‘zmilliybank milliy kinematografiyani rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda

O‘zbekiston 19:52 / 16.02.2018 7260

O‘zmilliybank tomonidan respublika hududlarida Milliy kinematografiyani rivojlantirish maqsadida 2019 yil davomida 52 ta kinoteatrni qurish, rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida respublika mintaqalarida namunaviy kinoteatrlarni, jumladan yozgi hamda “mobil kinoteatrlar”ni qurilishi bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. O‘zmilliybank tomonidan rejalashtirilgan ishlar “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3176-sonli qaror ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Bunda 10 kinoteatrlar rekonstruksiya qilinishi; 15 ta 1 qavatli kinoteatrlarda 2 tadan 70 o‘rinli qurilishi (umumiy maydoni 602 kv.m.); 15 ta 2 qavatli kinoteatrlarda 2 tadan 70 o‘rinli qurilishi (umumiy maydoni 1 069 kv. m.); 12 ta yozgi ochiq kinoteatrlarda 150 o‘rinli qurilishi (umumiy maydoni 400 kv.m.) rejalashtirilgandir.

Shu bilan birga, joriy yilda Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon shaharlarida hamda Jondor va G‘ijduvon tumanlarida 4 ta 2 qavatli yangi zamonaviy kinoteatrlar qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu kinoteatrlar 2018 yilning 4-choragida ishga tushiriladi, natijada 70 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

O‘zmilliybank tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda respublikaning eng olis shahar va qishloqlarida aholiga milliy hamda xorijiy badiiy va hujjatli filmlarni namoyish etish maqsadida zamonaviy jihozlangan “Mobil kinoteatr” loyihasini amalga oshirmoqchi. Bunda 2 dona tirkamali kinoteatr olib kelinadi. Ushbu kinoteatr orqali yiliga 120-150 ming kishiga xizmat ko‘rsatiladi.

Loyihaning afzalligi, mobilligi, 30 daqiqa oralig‘ida kinoteatr ko‘rinishiga kelishi, elektr energiyasi yo‘q hollarda generator yordamida ishlashidir.

Bank tomonidan 2018 yilda “O‘zavtosanoat” AJ bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Kinoklub” loyihasi uchun respublikasi bo‘ylab ko‘chma kino namoyishlarini tashkil etish maqsadida 14 ta “Damas” avtotransport vositasi sotib olinadi. Ushbu avtotransport vositalari maxsus texnika jihozlariga ega bo‘ladi (kinoproyektor, kinoekran, kolonka va ovoz kuchaytirgichlar hamda boshqa zarur texnika uskunalari bilan).

Ko‘proq yangiliklar: