«Toshkent-Andijon-O‘sh-Qashg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha ilk avtokarvon jo‘nashga tayyor

O‘zbekiston 23:50 / 16.02.2018 16682

"Toshkent-Andijon-O‘sh-Qashg‘ar" yangi transport koridori bo‘yicha ilk avtokarvonni jo‘natishga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. 16 fevral kuni Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov hamda O‘zbek avtomobil va suv transporti agentligi vakillari qatnashgan matbuot brifingida shu haqida ma'lum qilindi. O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar eksportchilari mahsulotlari yukni qabul qilib oluvchilargacha «Silk Road International» MChJning avtotransport vositalari bilan yetkazib beriladi. Qashg‘arga yetib borgach, avtokarvon import mahsulotlarni olib ortga qaytadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning may oyida Xitoyga davlat tashrifi davomida "O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy" yangi avtomobil koridorini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan. 

"Mazkur loyihani amalga oshirish avtotashuvchilarga uch mamlakat hududi bo‘ylab muntazam yuk tashishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi", - deya ta'kidladi tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov. - Bu o‘zaro tovar aylanmasi hajmiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi va O‘zbekiston, XXR va Qirg‘izistonning tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini beradi. 

Dastlabki sinov qatnovlarida umumiy uzunligi 920 kilometr bo‘lgan yo‘l 31 soatda bosib o‘tilgan, bundan 16 soati harakatda o‘tgan. 

Foto: Askar Yakubov

Avtokarvonning o‘rtacha tezligi taxminan 50-60 km/soatni tashkil qiladi. "Do‘stlik" o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tish vaqti taxminan 1,5 soat vaqt olgan, "Irkeshtam" qirg‘iz-xitoy chegarasidan o‘tish esa - 2 soat atrofida.

2018 yilning yanvar oyi oxirida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va XXR o‘rtasida "Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkeshtam-Qashg‘ar" muntazam yuk tashuvchi avtokarvon yo‘nalishining ochilishi bilan bog‘liq barcha tashkiliy-texnik masalalar muvofiqlashtirilgan. 

Tadbirda ta'kidlanishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar yangi yo‘nalish bo‘yicha 100 ming tonna atrofidagi eksport-import yuklarini tashish imkonini beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: