Buxoroda qo‘y junini qayta ishlash bo‘yicha innovatsion klaster ishga tushiriladi

O‘zbekiston 18:55 / 16.02.2018 17807
Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Qishloq xo‘jaligini isloh qilishda chorvachilikni rivojlantirish orqali qimmatbaho qorako‘l teri, gilambop jun, po‘stinbop qo‘y terisini yetishtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Xususan, bu yo‘nalishda Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 16 martda qabul qilingan “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror muhim omil bo‘lmoqda.

Ma'lumki, Buxoro viloyati mamlakatimizda chorvachilik sohasida yetakchi hududlardan hisoblanadi. Bunda, ayniqsa, qo‘y junini qayta ishlash alohida ahamiyatga ega.

Ana shunday korxonalardan biri “KOMTEKS PPOSH” MChJ Kogon tumanidagi ixtisoslashgan zamonaviy korxona bo‘lib, jamiyat tomonidan O‘zsanoatqurilishbank kredit mablag‘lari ko‘magida aholidan qo‘y junini sotib olish, uni qayta ishlash, sanoat mahsulotlarini tayyorlash va xorijiy davlatlarga eksport qilish bo‘yicha yangi innovatsion klaster ishga tushiriladi.

Bu yerda mahalliy aholidan xarid qilingan jun mahsulotlari orqali ip kalava va yumshoq ko‘rpalar tayyorlanib, mahalliy va jahon bozoriga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Umumiy 3 bosqichdan iborat mazkur loyihani amalga oshirish uchun  “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 12 milliard so‘m (Xitoy davlat taraqqiyot banki kredit liniyalari hisobidan 1,5 mln. AQSh dollari) miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Loyiha doirasida 3000 tonna qo‘y junidan 1500 tonna sof xom-ashyo, 400 tonnadan ortiq tayyor ip-kalava, 100 ming dona yumshoq ko‘rpalar tayyorlanib, 1000 tonna jun tolalari eksport qilinadi.

Loyiha ishga tushishi bilan  yiliga 2 milliard so‘m va xorijga 3 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilinib, jami 27 milliard so‘mlik sifatli mahsulot tayyorlanadi.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning bunday istiqbolli sarmoyasi evaziga Buxoro viloyatining 200 nafar yosh yigit-qizlari uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga, mahalliy xom-ashyoni qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy ishlab chiqarish — klaster kompleksi yaratiladi.  

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: