BMT: Turkiyaga qochqinlar masalasida yordam kerak

Jahon 18:56 / 16.02.2018 5209

Turkiyaning qochqinlarni jamiyatga integratsiyalashuv siyosati dunyoda taqlid qilish uchun namunadir. Bu haqda Anqaraga rasmiy tashrif bilan kelgan BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi «Anadolu» agentligiga ma'lum qildi.

«Turkiya 3,8 million qochqinga boshpana berdi, ularning 3,5 millioni suriyaliklardir. Ammo mamlakat bu ko‘rsatkichlar bilan ajralib turmaydi. Qochoqlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini (uy-joy, ta'lim va tibbiy xizmatdan foydalanish, ish bilan ta'minlash) va Turkiyaning mehmondo‘stligini ta'kidlashimiz kerak», - dedi Grandi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya uch yil davomida qochqinlarga eng ko‘p boshpana bergan mamlakat maqomini saqlab qolmoqda.

Oliy komissar bu yil qochqinlar va muhojirlar taqdiri bo‘yicha umumiy mas'uliyat haqida global bitim imzolanishini eslatdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakilining so‘zlariga ko‘ra, Turkiya bu bitimda nazarda tutilgan aksariyat ishlarni bajardi.

«Bitimning asosiy maqsadi - qochoqlarga yordam berish borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdir», - dedi Grandi. 

Oliy komissarning ta'kidlashicha, Turkiya uzoq vaqt qochqinlar masalasida qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘lgan.

«Turkiyaga nafaqat moliyaviy yordam, balki qochoqlarni joylashtirish borasida ham yordam kerak», - dedi Grandi. 

BMT vakili shuningdek, Suriya mojarosi tezda yakunlanishiga umid bildirdi.

«Birinchidan, bu suriyaliklar uchun kerak. Suriyadagi qochqinlar va zo‘ravonlik masalalarini hal qilish vaqti keldi. Turkiyani va siyosiy jarayonning barcha tomonlarini Suriya mojarosini hal qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga chaqiraman», - deya aytib o‘tdi Grandi. 

Ko‘proq yangiliklar: