Temur Kapadze terma jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy bo‘ldi

Sport 15:30 / 15.02.2018 61039

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Temur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga xorijdan kuchli murabbiy olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Hozircha bu borada og‘zaki kelishuvga erishilgan bo‘lib, tez orada rasmiy shartnoma imzolanadi va O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradigan mutaxassis nomi e'lon qilinadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu yilning mart oyida Afrikaning ikkita kuchli terma jamoasi, JCh-2018 ishtirokchilari Senegal va Marokash terma jamoalari bilan safarda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Kapadze mana shu o‘yinlarga futbolchilarni saralab olish, ularni tayyorlash va olib borish va murabbiylar shtabini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Tez orada u terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini O‘FAga taqdim etishi kutilmoqda.

Temur Kapadze faoliyatini Farg‘onaning «Neftchi» jamoasida boshlagan. Keyinchalik «Paxtakor», «Bunyodkor», «Inchxon» (Janubiy Koreya), «Sharja» (BAA), «Aqto‘be» (Qozog‘iston), «Lokomotiv» (Toshkent) klublarida to‘p surgan.

Temur Kapadze o‘tgan mavsumning oxirida futbolchilik faoliyati bilan xayrlashgan bo‘lib, u O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida eng ko‘p 119ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: