Saakashvili Niderlandiyaning shaxsni tasdiqlovchi hujjatini oldi

Jahon 01:04 / 15.02.2018 17297

Niderlandiya hukumati Ukrainadan chiqarib yuborilgan Mixail Saakashviliga shaxsni tasdiqlovchi hujjat berdi. Bu haqda siyosatchining o‘zi Facebook’da ma'lum qildi. Ushbu hujjat unga Shengen kelishuvi davlatlarida bo‘lishga huquq beradi.

“Oxirgi vaqt ichida ilk bor menda shaxsimni tasdiqlovchi haqiqiy hujjat paydo bo‘ldi. Niderlandiyaga kelishim bilan menga Yevropa Ittifoqida yashash va ishlashga huquq beruvchi shasxni tasdiqlovchi hujjat berildi, barcha jarayon bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa oldi. Biroq men Ukraina fuqaroligini qaytarish uchun “har doimgidan qat'iyroqdirman”, deb ma'lum qildi Saakashvili. 

Saakashvili Amsterdamga 14 fevralda keldi. U 12 fevralda Ukrainadan Polshaga chiqarib yuborilgandi. Siyosatchi Varshavada bo‘lganda Polshadan siyosiy boshpana so‘ramasligini, balki Niderlandiyaga oilasini ko‘rgani borishini aytgandi.

Fevralda Ukraina sudi Saakashviliga qochqin maqomini berish rad etilishi qarorini qonuniy deb topgandi. U bunday maqom berilishi uchun arizani 2017 yil oktabrda topshirgan, biroq unga rad javobi berilgan. Gruziyaning sobiq prezidenti Ukraina fuqaroligidan 2017 yil iyulda AQShda bo‘lganda mahrum etilgandi. 

Ukrainalik chegarachilar uni Ukrainaga qayta kiritmasliklarini aytishgan. Biroq sentabrda Saakashvili tarafdorlari yordamida Polshadan Ukrainaga o‘tgan. Kiyev uni chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topgan.

Ko‘proq yangiliklar: