Ichki ishlar tizimi xodimlarining vazifalari nimalardan iborat bo‘ladi?

O‘zbekiston 01:38 / 15.02.2018 36229

Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq ichki ishlar tizimida quyidagicha tartib o‘rnatiladi:

a) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i:

  • har o‘n kunda Toshkent shahar aholisi bilan poytaxt ichki ishlar organlari faoliyati masalalari bo‘yicha mahalliy telekanallar efirlarida maxsus ko‘rsatuvlarni berib borish orqali ochiq muloqotni o‘tkazadi;
  • har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga poytaxtda jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;

b) muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari har chorakda, ularning o‘rinbosarlari esa har oyda Toshkent shahri tumanlari xalq deputatlari Kengashlari majlislarida hisobot berishadi, bunda ular tomonidan yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ruhda muhokama qilinadi, ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi, shuningdek, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risida tavsiyalar qabul qilinadi;

v) ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari har oyda aholi oldida biriktirilgan hududlarda, har olti oy davomida ushbu hududda istiqomat qiluvchi barcha oilalarni qamrab olgan holda, ular tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan choralar yuzasidan hisobot berishadi;

g) ichki ishlar bo‘limlarining profilaktika inspektorlariga:

  • xizmat o‘tash vaqtida agarda biriktirilgan hududda tezkor-profilaktik xizmat ko‘rsatilmay qolishiga olib keladigan bo‘lsa, hududni tashlab ketishga ruxsat berilmaydi;
  • ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda respublika miqyosida bir-birlariga ijro etilishi majburiy bo‘lgan, tadbirlarni o‘tkazish va ma'lumot to‘plash bo‘yicha topshiriqlar berish huquqi beriladi.

Shuningdek, qarorda belgilanishicha, ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari ustuvorlik asosida profilaktika katta inspektorlari orasidan jamlanadi. Intizomiy jazo chorasi sifatida yoxud boshqa salbiy holatlarga ko‘ra, ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalaridan o‘tkazilayotgan xodimlarni Toshkent shahri profilaktika inspektorlari lavozimlariga tayinlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Toshkent shahri profilaktika inspektorlari lavozim bo‘yicha biriktirilgan hududdagi fuqarolar yig‘ini kengashlari tarkibiga kiradi.

Yangi tayinlangan Toshkent shahri profilaktika inspektorlarini mahalla fuqarolar yig‘ini oldida tanishtirish majburiy tartibda tuman hokimi va prokurori, muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.

Toshkent shahri profilaktika inspektorlarining hududlararo rotatsiyasi faqatgina O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Bosh boshqarma boshlig‘i bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bosh boshqarmaga xizmatga, istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari zimmasiga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalar bilan bir qatorda, quyidagilar ham yuklatildi:

  • biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi shaxslarni o‘rganish va kelgusida ularning har biriga g‘ayriijtimoiy yoki boshqa huquqqa xilof xulq-atvor ehtimoli nuqtai nazaridan individual tashxis qo‘yish hamda profilaktik ahamiyatga ega ta'sirchan choralarni ko‘rish;
  • mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilashning eng muhim omili sifatida biriktirilgan hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta'minlashga yo‘naltirilgan choralarni amalga oshirish.
Ko‘proq yangiliklar: