Fin maktablarini dunyodagi eng yaxshi maktablarga aylantirgan 7 tamoyil

Light 23:46 / 15.02.2018 43798

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma'lumotlariga ko‘ra, fin maktablari jahon ta'lim tizimi reytingida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu skandinav mamlakatining maktab o‘quvchilari eng yuqori bilim darajasini ko‘rsatishgan, shuningdek ular sayyoraning eng ko‘p kitob o‘quvchi bolalari deb topilgan, bundan tashqari, tabiiy fanlar bo‘yicha - ikkinchi o‘rin va matematika bo‘yicha beshinchi o‘rinni band qilishgan. Biroq jurnalistlarning fin maktablariga qiziqishi bir necha boshqa sharoitlarga bog‘liq - u yerlik o‘quvchilar shunday yuqori natijalarni ko‘rsatishiga qaramay, maktabda rekord darajada kam vaqt o‘tkazishadi.

Foto: Emaze

Finlyandiyadagi umumiy o‘rta ta'lim ikki bosqichli maktab ta'limini ko‘zda tutadi:

— quyi (alakoulu), 1-6 sinflar;

— yuqori (yläkoulu), 7-9 sinflar.

10-sinf qo‘shimcha hisoblanadi. Maktab o‘quvchilari bu bosqichda o‘z baholarini yaxshilash va bo‘lg‘usi kasblari borasida bir qarorga kelish imkoniga ega bo‘lishadi. Maktabni tugatgandan keyin o‘smirlar ikki xil variantdan birini tanlash imkoniga ega bo‘lishadi: professional kollejga o‘qishga kirish yoki litseyda o‘qishni davom ettirish (lukio).

Fin o‘rta ta'limining 7 tamoyili

1. Tenglik

1. Maktablarda. Finlyandiyada ta'lim "kuchaytirilgan" yoki "bo‘shroq" maktab degan tushunchalar yo‘q. Hukumat proporsional moliyalashtirishni tajriba qilmoqda, barchaga birdek jihozlarni yetkazib beradi, maktab o‘quvchilariga esa maktabga qabul qilinishda bir xil imkoniyat beriladi. Mamlakatda deyarli barcha maktablar davlat tasarrufida, faqat 10 tacha maktab qisman davlatga qarashli. Ularning farqi, qoidaga ko‘ra, o‘quvchilarga bo‘lgan yuqori talabda va albatta, ota-onalar tomonidan ramziy to‘lovdadir. Bunday maktablar asosan o‘ziga xos pedagogik laborotoriyalar hisoblanadi.

2. Barcha predmetlarda. Boshqacha aytganda, mahalliy maktablarda bir fan ziyoniga ikkinchi fan chuqurlashtirib o‘tilmaydi. Masalan, bu yerda san'at matematika kabi muhim va kerakli fan hisoblanadi. Qaysidir ma'noda fin maktablarida teskari mexanizmni kuzatish mumkin, ya'ni tasviriy san'at, musiqa, sportga moyilligi bor o‘quvchilar ta'lim oluvchi sinflar bor. Ularga matematika va boshqa fanlar bo‘yicha talab u qadar qat'iy bo‘lmaydi.

3. Ota-onalarda. Finlyandiyada o‘qituvchilar o‘quvchilarning ota-onalari kasbi haqida ma'lumotga ega bo‘lishmaydi. Har holda, zarurat tug‘ilmasa, bunday masalalar ko‘tarilmaydi. Maktablar va boshqa o‘quv muassasalarida ota-onalarning ish joyiga doir savollar berishi taqiqlanadi.

4. O‘quvchilarda. Maktablarda o‘qituvchilarning sevimli o‘quvchilari bo‘lmaydi. Agar o‘qituvchining "chegaradan chiqqani" sezilsa, darhol u bilan shartnoma buziladi. Finlyandiya ta'lim vazirligi tushunchasi bo‘yicha o‘qituvchi — bu muayyan fandan saboq beruvchi pedagog, undan ortig‘i emas.

5. Haq-huquqlar tengiligida. Finlyandiya maktablarida birinchi sinfdan bolalarga ularning haq-huquqlari o‘rgatiladi, o‘quvchining katta yoshli kishi ustidan shikoyat qilish huquqi ham shular jumlasidandir. O‘qituvchilar o‘quvchini xaqorat qilish yoki unga nisbatan kuch ishlatish huquqiga ega emas. Shunisi qiziqki, u yerda barcha o‘qituvchilar kelgusida muddatni uzaytirish imkoni bilan faqat bir o‘quv yiliga shartnoma tuzishadi. Bu punktni buzish ko‘pchilik uchun kareraning tugashini anglatadi. Ta'kidlash joizki, Finlyandiyada o‘qituvchilarga havas qilarli maosh to‘lashadi (yordamchi - 2500 yevrodan boshlab, fan o‘qituvchisiga - 5000 yevrogacha).

2. Yig‘imlar

Mamlakatda ta'limdan boshqa yana quyidagilar bepul: tushliklar, ekskursiyalar, muzeylar va darsdan tashqari barcha tadbirlar; bolalarni uylariga tashuvchi transport; darsliklar, barcha o‘quv qurollari, kalkulyatorlar va hatto noutbuk-planshetlar. Ota-onalardan pul yig‘ish noqonuniy hisoblanadi.

3. Individuallik

Har bir o‘quvchi uchun individual ta'lim va rivojlanish rejasi tuziladi. Bu reja butun o‘qish jarayoniga tegishli, biroq eng qizig‘i ta'lim jarayonida ikki noyob yo‘nalishning mavjudligi: bu "zaif" o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash (bizda buni repetitorlik deyishadi) va muayyan tilni, matematik ko‘nikmalarni tushunish, shuningdek ba'zi bolalarning asotsial xatti-harakatlari bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelgan o‘quvchilar ta'lim jarayoniga tuzatishlar kiritish. Tuzatish ta'limi kichik guruhlarda yoki individual ravishda o‘tkaziladi.

Foto: Supercurioso

4. Amaliylik

Finlar shunday deyishadi: "Biz yo hayotga tayyorlaymiz, yoki - imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz". Barcha fin maktablari deyarli hamma imtihonlardan voz kechgan, testlar va oraliq nazorat ishlari esa o‘qituvchi xohishiga qarab belgilanadi. Faqat bir imtihon bundan mustasno - bu maktab tugallaganda topshiriladigan imtihon, lekin uning natijalari katta ahamiyatga ega emas, o‘qituvchilar bu baholar ketidan birovga hisobot berishmaydi, o‘quvchilar ham unga maxsus tayyorgarlik ko‘rishmaydi: deyarli barcha natijalar ijobiy hisoblanadi.

5. Ishonch

O‘qituvchi o‘z o‘quvchilarini qay usulda o‘qitishi nazorat qilinmaydi. Mamlakatda yagona ta'lim dasturi amalda qo‘llaniladi, biroq u faqat tavsiyalarni o‘z ichiga olgan, o‘qitish usullari esa maktab ishchisining tanloviga bog‘liq. O‘quvchilarga keladigan bo‘lsak, ular ham o‘ziga xos erkinlikka ega. Masalan, agar dars vaqtida o‘quv filmi yoqilgan bo‘lsa-yu o‘quvchi kitob o‘qishni ma'qul ko‘rsa, unga hech kim tanbeh bera olmaydi. Maktab o‘quvchisi o‘zi uchun nima foydali ekanini tanlash huquqiga ega.

6. Ko‘ngillilik

Finlyandiya maktablarida xohlagan odam o‘qiydi. Pedagogdan faqat o‘z faniga qiziqtirish talab qilinadi, lekin bolada o‘qishga umuman qiziqish bo‘lmasa, uni amaliy jihatdan foydali bo‘lgan osonroq kasbga yo‘naltirishadi va "2"lar bilan qiynab o‘tirishmaydi.

Foto: Titchr

7. Mustaqillik

Finlarning fikricha, maktab bolani eng asosiysi — mustaqil muvaffaqiyatli hayotga o‘rgatishi kerak. Shu bois bu yerda fikr yuritish va bilim olishga o‘rgatishadi. Maktablarda ma'lumotnomalardan foydalanish, qo‘shimcha materialni izlab topish, barcha bilim manbalarini qo‘llay olishni bilish ijobiy qabul qilinadi. Bundan tashqari, pedagoglar o‘quvchilarning mojarolariga aralashishmaydi. Asosiy sabab — o‘quvchilarni muammolarni mustaqil hal qilishga o‘rgatish.

Ko‘proq yangiliklar: