Veolia kompaniyalar guruhi Namanganda issiqlik ta'minotini yaxshilash loyihasini amalga oshiradi

Iqtisodiyot 08:30 / 14.02.2018 10551

O‘zbekiston Moliya vazirligi Fransiyaning Veolia kompaniyalar guruhi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Namangan shahrida issiqlik zaxiralarini boshqarish va energiya iste'moli masalalari muhokama qilindi.

Ushbu uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad Namangan shahrida energetik xizmatlarni boshqarish kompleks tizimini joriy qilish, shaharni issiqlik bilan uzluksiz ta'minlash va uni samarali taqsimlash mexanizmini belgilash bo‘lgan.

Tomonlar 4-avloddagi markaziy issiqlik ta'minoti tizimlari zamonaviy ishlanmalari, maksimal avtomatlashtirish va monitoring tizimini masofadan boshqarish imkoniga ega yopiq tizimdagi past haroratli qurilmani qo‘llash imkonini muhokama qilishdi. 

Veolia zaxiralarni boshqarishni optimallashtirish sohasida dunyoda yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya bu sohada 160 yillik tajribaga, butun dunyo bo‘ylab bo‘linmalariga ega. Kompaniyada faoliyat yurituvchi xodimlarning umumiy soni 163 ming kishini tashkil qiladi. Kompaniyalar guruhi suv zaxiralari, chiqindilar va energiya ta'minotini boshqarish sohasida yechimlar ishlab chiqadi va taqdim qiladi.      

Veolia boshlang‘ich bosqichda O‘zbekistonda zaxiralar bilan ta'minlovchi tizimlarni takomillashtirish, ularni zamonaviy innovatsion asosda qayta tashkillashtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi. 

Ushbu vazifalarni jahon standartlariga javob beruvchi dastlabki loyiha doirasida amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha davomida ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini tubdan oshirish va shahar xo‘jaligining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash uchun zarur innovatsion texnologiyalardan keng foydalaniladi. Ilk ijobiy natijalar olingandan keyin loyihani amalga oshirishda olingan tajribani qolgan shaharlarga tatbiq qilish rejalashtirilmoqda.  

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Namanganda Veolia’ning innovatsion yechimlarini joriy qilishdan olinadigan samara bilan quyidagilarga erishiladi:

- issiqlik ta'minoti ko‘rsatkichlarining tubdan yaxshilanishi;
- zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish hisobiga ekologik muhitni yaxshilash; 
- yiliga 24,5 mln kubmetr tabiiy gazni tejash va bu tejalgan gazni eksport qilishdan yiliga 3,1 mln dollar daromad olish.  

Pirovard natijada loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi aholi turmush darajasi oshishiga ko‘mak beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: