Karantin ruxsatnomasi yoki fitosanitar sertifikati qanday olinadi?

O‘zbekiston 15:42 / 14.02.2018 5930

Vazirlar Mahkamasining 29.01.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va o‘simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi 65-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

Qaror bilan quyidagi tartibni belgilovchi nizomlar tasdiqlangan:

• O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish;
• o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar uchun karantin ruxsatnomasi va fitosanitar sertifikati berish. 

Ma'lumot uchun: o‘simliklar karantini – qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simliklar dunyosiga katta iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlarning kirib kelishi, tarqalishi hamda zarar yetkazishining oldini olish va ularga qarshi kurash choralarini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar majmuasi.

Hududni o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilarning tartibi belgilangan:  

• respublikaga karantindagi mahsulotlarni olib kirish;
• olib kirilayotgan karantindagi mahsulotlar va transport vositalarini nazoratdan o‘tkazish;
• karantindagi mahsulotlarni O‘zbekistondan tranzit tarzida olib o‘tish;
• transport vositalarini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan zararsizlantirish va tozalash;
• karantindagi mahsulotlardan foydalanish va mamlakat hududida aniqlangan zararli organizmlarga qarshi kurashish.

Karantin nazoratidagi mahsulotlarni yetishtiruvchi, tayyorlovchi, realizatsiya qiluvchi, qayta ishlovchi, eksport yoki import qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning omborxonalari har oyda bir marta hududiy o‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari tomonidan karantin nazoratidan o‘tkaziladi. Karantindagi yoki zararli begona obektlar aniqlanganda mahsulotlar tozalanadi, chiqindilar esa yoqib yuboriladi.

Karantindagi mahsulotlarni olib kirish qoidalari

O‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni mamlakatga olib kirishga faqat quyidagi asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi:

• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan karantin ruxsatnomasi;
• eksport qilayotgan mamlakatning vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi.  

Mamlakatga olib kirilayotgan karantindagi mahsulotlar va transport vositalari o‘simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan davlat chegarasidan o‘tish joylarida tashkil etilgan o‘simliklar karantini chegara maskanlarida nazoratdan o‘tkaziladi.   

Ma'lumot uchun: hujjatda respublikaga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar ro‘yxati berilgan (mahsulotlarning nomi va TIF TN bo‘yicha kodlari ko‘rsatilgan).   
 
Karantin ruxsatnomasi va fitosanitar sertifikatini berish tartibi

Karantin ruxsatnomasi karantin nazoratidagi mahsulotlarni respublikaga olib kirish yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o‘tish uchun beriladi.

Fitosanitar sertifikati – karantin nazoratidagi mahsulotlarni O‘zbekistondan eksport qilish uchun beriladi va uning xavfsizligini tasdiqlaydi. Tovarning har bir transport birligiga beriladi.    

Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar – ariza beruvchilar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga (ruxsatnoma olish uchun) yoki hududiy inspeksiyalarga (sertifikat olish uchun) quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:

• belgilangan shakl bo‘yicha ariza;
• arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bank hujjati.

Ariza tegishli inspeksiyalarga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda (ERI bilan tasdiqlangan holda) taqdim etilishi mumkin. Ruxsat beruvchi hujjatlarni berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza kelib tushgan kundan boshlab 7 ish kuni davomida qabul qilinadi.

Ruxsatnomaning amal qilish muddati – berilgan kundan boshlab 30 kungacha (ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguncha ariza berib, ushbu muddatni uzaytirish mumkin).

Sertifikatning amal qilish muddati – mahsulotlarning import qilayotgan mamlakatga kelish kunigacha. 

Hujjat 1.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: