Toshkent shahrida propiskasiz bemalol ishlash va uy xarid qilish mumkin bo‘ladi - Qonun loyihasi

O‘zbekiston 23:20 / 13.02.2018 78079

Bugun, 13 fevral kuni Adliya vazirligining «Xuquqiy axborot» kanalida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi, «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan muhim qarorlar loyihalari tayyorlangan.

Xususan, loyihalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:

  • voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikni bekor qilish qoidasi kiritilmoqda, 13-moddaning matni esa quyidagi tahrirda bayon etiladi: «Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda 16 yoshga to‘lgan shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortiladilar»;
  • 223-moddaning 1-qismidagi sanksiya «EKIHning 1/2 barobaridan 3 barobarigacha» degan so‘zlar «EKIHning 1/2 barobari», 2-qismidagi sanksiya «EKIHning 5 barobari» degan so‘zlar «EKIHning 1 barobari» bilan almashtirilmoqda.
  • 223-moddaning 3-qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi: «Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz yashab turishiga yo‘l qo‘yishi –»; uchinchi qismi sanksiyasidagi «o‘n» degan so‘z «besh» degan so‘z bilan almashtiriladi;
  • 223-moddaning to‘rtinchi qismi sanksiyasidagi «o‘n besh» degan so‘zlar «o‘n» degan so‘z bilan almashtirilmoqda;
  • 223-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldiriladi: «Mazkur modda bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortiladilar»;
  • Doimiy yoki vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmagan) fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham beriladi — Kodeksdan 2232-modda chiqarib tashlanadi;

Shuningdek Qonun loyihasiga ko‘ra Mehnat kodeksi va hukumat qarorlariga ham o‘zgartirishlar kiritiladi. Buning natijasida:

  • pasport olish, ta'lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish;
  • mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma'muriy javobgarligini bekor qilish;
  • mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;
  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish;
  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish;
  • ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish;
  • vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma'muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilgan.
Ko‘proq yangiliklar: