Saakashvili Polshaga chiqarib yuborilishi tafsilotlarini so‘zlab berdi

Jahon 00:30 / 13.02.2018 16248

Gruziya sobiq prezidenti va «Yangi kuchlar harakati» partiyasi yetakchisi Mixail Saakashvili Varshavaga yetib borgach, siyosiy safdoshlari bilan bog‘langan va Ukrainadan chiqarib yuborilishi tafsilotlarini so‘zlab bergan. Bu haqda «Interfaks» xabar tarqatdi.

«Meni qo‘lga olishib, avtobusga mindirishdi, keyin vertolyotga chiqarishdi. Vertolyot biroz vaqt Kiyev ustida aylanib uchdi. Shundan so‘ng Borispolga qo‘ndi, bu yerda meni kuch bilan samolyotga olib chiqishdi», — degan Saakashvili.

Siyosatchi o‘zining mamlakatdan chiqarib yuborilishida Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoni ayblagan va bu qarorni «haddan tashqari ojizlik va qo‘rqoqlik» deb atagan.

Saakashvili feysbukdagi sahifasida o‘z tarafdorlarini «Ukraina hukumatining bu harakatiga xotirjamlik bilan munosabat bildirish»ga chaqirgan.

Bundan avvalroq Saakashvili Polshaga uchib kelgani haqida xabar berilgandi.

Saakashvili 2017 yil 10 sentabrda Ukrainaga Polsha orqali kelgan. Uning tarafdorlari Polsha-Ukraina chegarasidagi o‘tkazish punktidagi kuch tuzilmalari xodimlari halqasini yorib o‘tib, siyosatchini Ukraina hududiga olib o‘tishgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: