Qurolli Kuchlar akademiyasida ilmiy-uslubiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 00:20 / 13.02.2018 7347

Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi huzuridagi oliy va o‘rta maxsus harbiy o‘quv muassasalarining ilmiy-uslubiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Prezidentning davlat maslahatchisi Rustam Qosimov hamda barcha oliy harbiy ta'lim muassasalarining boshliqlari qatnashishdi. Tadbir davomida joriy yilning 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bayonnomasida ko‘rsatilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi huzurida ilmiy-uslubiy Kengash tashkil etish to‘g‘risidagi vazifalar ijrosi borasidagi ishlar keng ko‘lamda muhokama qilindi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasi huzuridagi oliy va o‘rta maxsus harbiy o‘quv muassasalarining ilmiy-uslubiy kengashi vazifalari, funksiyalari, shu jumladan, birinchi navbatda bajariladigan ishlar hamda respublikamizdagi hamda chet el ilmiy tadqiqot ta'lim muassasalarida harbiy pedagog kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash istiqbollari haqida ma'ruzalar tinglandi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    – O‘quv-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, o‘qitishning eng zamonaviy innovatsion usullarini chuqur o‘zlashtirish va mashg‘ulotlar jarayoniga tatbiq qilish, rivojlangan mamlakatlar harbiy qurilishi tajribalarini tahlil qilib, mavjud xavf-xatar va tajovuzlarning rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda tinglovchilarni boy nazariy va amaliy bilimlar bilan boyitish akademiyaning professor-o‘qituvchilari uchun dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi. Bu boradagi ilmiy ishlarni umumlashtirish maqsadida “Harbiy ta'lim va fanda innovatsiya” jurnalini chop etish taklifini kiritdik va bu yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma'qullandi, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Xomidjon Dadaboyev.

Yig‘ilish so‘ngida tegishli qaror qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: