Koreya rasmiylari nima uchun O‘zbekiston qovunlari eksporti taqiqlanganiga izoh berishdi

O‘zbekiston 21:00 / 13.02.2018 35672

Koreyada O‘zbekistonning gilos va anoriga bo‘lgan taqiqlov bekor qilindi, biroq qovun eksporti hanuz taqiqda. KUN.UZ muxbiri 13 fevral kuni Xalqaro biznes markazida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya birinchi qo‘shma yig‘ilishida berilgan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

O‘zbekistonda yiliga 18 million tonna turli tabiiy organik meva va sabzavotlar yetishtiriladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomon Koreya bozoriga tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni tashkillashtirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishidan manfaatdor ekanini ma'lum qildi va Koreya tomonga gilos hamda anorga nisbatan joriy qilingan taqiqni bekor qilingani uchun minnatdorchilik bildirdi. 

Shuningdek tez orada qovun eksportiga nisbatan joriy qilingan taqiqlov ham bekor qilinishiga umid bildirildi. O‘zbekiston tomon Koreyaga mahsulotlarni talab darajasidagi sifatda, kerakli hajmda va hamyonbop narxlarda yetkazib berishni ta'minlashga tayyor ekanini ta'kidladi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda zamonaviy laborotoriyalarga ega karantin infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. 

Bunga javoban Koreya bosh vazir o‘rinbosari Kim Dong Yon mehmonxonada uni qovun bilan mehmon qilishgani va uning mazasi juda shirin ekanini ta'kidladi. U O‘zbekiston qovunlariga taqiqlovlarni ulardan topilgan zararkunandalar bilan izohladi. Kim Dong Yon mamlakatimizdan yetkaziladigan qovunlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘lib, ijobiy natija olingach, bu muammo ham bartaraf etilishiga ishonch bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: