Kasb-hunar kollejlarida nimalar o‘zgaradi? 

O‘zbekiston 12:30 / 13.02.2018 36829

Mamlakatda 20 yil deganda ilk marotaba o‘rta maxsus ta'lim tizimi modernizatsiya qilinmoqda. Nihoyat, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimida yig‘ilib qolgan muammolarning yechimi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi direktori Murodullo Xolmuhammedov “Xalq so‘zi” nashriga quyidagilarni gapirib berdi.

- O‘zbekistonda kasb-hunar kollejlarida ta'lim tizimi o‘zgarishi, bu ayni damda faoliyat yuritayotgan kollejlarning “yoppasiga yopiladi”, degani emas. Prezidentimizning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi faoliyatini takomillashtirishga oid qarorida kollejlar vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari hamda yirik korxonalarga biriktirilishi belgilab qo‘yilgan.

Yurtimizdagi kasb-hunar kollejlarining kelajakdagi qiyofasi haqida gapirishdan avval, keling, iqtisodiyoti u qadar rivojlanmagan mamlakatdan qisqa vaqt ichida yuqori texnologiyalar davlatiga aylangan, ushbu sohada katta muvaffaqiyatga erishgan Janubiy Koreya, Finlyandiya va Singapur tajribasini esga olsak. Mazkur mamlakatlar o‘z ta'lim tizimiga to‘g‘ri o‘zgartishlarni kiritgani, bu sohada oqilona siyosatni olib borgani uchun ham shunday darajaga chiqqan. Ular o‘qituvchilikka iste'dodli kadrlarni jalb qilish maqsadida pedagoglarning maoshi va obro‘sini keskin oshirgan edi.

Ta'lim borasida eng ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, amalda qo‘llashni rejalashtirgan O‘zbekiston ham ana shunday tezkor rivojlanish yo‘lini tanlamoqda.

Aytish joizki, kollejlar vazirlik va idoralar, buyurtmachi ish beruvchi korxonalar va tashkilotlarga biriktiriladi. Har bitta tayyorlov yo‘nalishi bo‘yicha rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqiladi, milliy kvalifikatsiya ramkalar belgilanadi hamda kasbiy standart ishlab chiqiladi. Professional standart ma'nosi shuki, deylik, bitta ish o‘rni ishchidan qanday malaka va ko‘nikmalarni talab qiladi, ushbu holat o‘rganilib, shu asosda modulli o‘quv rejalari yuzaga keladi.

Ta'lim jarayoni esa doimiy ravishda takomillashtirilib boriladi. Bundan maqsad — kasb-hunar ta'limi tizimi iqtisodiyot rivojlanishining muhim komponentiga aylansin. Ya'ni yuqori malakali ishchi, kasb egalari, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘ini mutaxassislari tayyorlanadi. Ayni damda iqtisodiyotda besh mingdan ziyod kasb va mutaxassisliklar uchun kasb ta'limi bo‘yicha ma'lumot talab etiladi.

Yaqin istiqbolda professional standart, milliy kvalifikatsiya ramkalari xalqaro kvalifikatsiya ramkalariga mos ravishda ishlab chiqiladi. Bu degani kollejlarda jahon mehnat bozorida raqobatdosh kadrlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Kasblar, mutaxassisliklarning murakkabligidan, o‘quvchilar egallashi kerak bo‘lgan bilimi, malaka, ko‘nikma va kompetensiyalar hajmidan kelib chiqib, differensiallashgan 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan ta'lim dasturlari joriy qilinadi.

Shu vaqtgacha kollejlar faqat 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilgan bo‘lsa, endilikda bunday standartlardan, amaliyotdan voz kechilmoqda.

Misol uchun, fuqaro o‘z kasbini o‘zgartirishni niyat qildi. Deylik, u o‘zi yashaydigan hududda yangi qurilgan to‘qimachilik fabrikasiga ishga kirish uchun kasb-hunar o‘rganmoqchi. Biroq bunday niyatda bo‘lganlarga keskin rad javobi berilgan. Sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmaganligi sababli, boshqa kasbni egallamoqchi bo‘lgan fuqarolar ham xuddi shunday muammoga duch kelishgan. Endilikda esa kollejlarda nafaqat maktab bitiruvchilari, balki bunga qadar o‘rta maxsus, oliy ma'lumot olgan, ishsiz qolish xavfi ostidagi ixtiyoriy yoshdagi fuqarolar ham tahsil olishlari mumkin.

Kelgusida O‘zbekiston fuqarolari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar sirlarini qisqa muddat ichida o‘qib, o‘rganishlari yoki mehnat bozorida yaxshi ish o‘rnini qo‘lga kiritish uchun o‘z malakalarini oshirishadi.

Hozirgacha kollejlar faqat kunduzgi ta'lim shakliga ega edi. Endilikda kollejlarda kunduzgidan tashqari, sirtqi, masofaviy va uyg‘unlashtirilgan ta'lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, o‘qish muddati kasblarning murakkabligidan kelib chiqib, 6 oydan 2 yilgacha muddatda ixtiyoriy etib belgilandi. Ya'ni ehtiyoj tug‘ildimi, kelib o‘qib ketaverish imkoniyati yaratildi.

Kollejlarda ta'lim innovatsion texnologik jarayonga o‘tkaziladi. Ya'ni ilgarilari, an'anaviy ta'lim jarayonida darsga kirilganda, o‘qituvchining aytgani aytgan bo‘lib, kitobdan boshqa qo‘llanma bo‘lmagan. Bundan bu yog‘iga esa bunday holatlardan voz kechiladi. Zamonaviy kollejlarda o‘quv materiallari kasbga o‘rganuvchida tasavvur uyg‘otishi uchun vizuallashtiriladi, videodarslar yo‘lga qo‘yiladi (o‘quvchi xohlagan vaqtda o‘tilgan darsni qaytadan ko‘rishi mumkin bo‘ladi), videoinstruktorlar ta'lim jarayoniga kiritiladi (darsda biron sabab tufayli qatnasha olmaganlar uchun bu katta qulaylik tug‘dirishi turgan gap).

Shuningdek, virtual amaliy mashg‘ulotlar, multimedia resurslari yaratiladi, virtual laboratoriyalar tashkil qilinadi.

Endilikda kollejlarda qattiqqo‘l, “mening aytganim bo‘ladi” deydigan pedagoglar o‘rnini insonning yoshiga qarab, uning salohiyatini belgilay oladigan, ta'lim olish jarayonida unga hamrohlik qiladigan “o‘qituvchi-andragog”lar egallaydi. Ularning mahorati va salohiyatini oshirish maqsadida yangitdan tashkil etilgan innovatsion rivojlantirish institutida maxsus maqsadli o‘quv kurslari, seminar-treninglar, masofaviy hamda onlayn kurslar tashkil etiladi.

Boshqacha aytganda, bundan buyon kollejlarda o‘quvchilar vatanparvarlik ruhida va professional kasb egalari qilib tarbiyalanadi.

Yana bir jihat. Ta'lim dasturlari toifalariga bog‘liq bo‘ladi: 50 dan ortiq kasblarga tayyorlash ta'lim dasturlari 10-11 sinflarda ta'lim olish davomida o‘rgatiladi va to‘liq Davlat byudjyeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Yuqori texnologik tayyorgarlik talab qiladigan 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan kasbiy ta'lim dasturlari buyurtmachi ish beruvchi korxonalar, idora va tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. Buyurtmachisi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining shaxsiy jamg‘armalari hisobidan to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

1,5-2 yillik mutaxassislikni egallash bo‘yicha o‘rta maxsus o‘rta bo‘g‘in ta'lim dasturlari oliy ta'limga muqobillik asosida bir qismi grant hisobidan, bir qismi kontrakt hisobidan amalga oshiriladi.

Kelgusida kollejlarda stipendiya, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar bilan ta'minlanish masalalari kollejni saqlash xarajatlarini qoplaydigan vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari imkoniyatlari doirasida belgilanadi.

Iqtisodiy jihatdan barqaror vazirlik, idora, kompaniyalar, yirik ish beruvchilar o‘zlarining aksiyadorlari, ichki imkoniyatlari doirasida o‘quvchilar uchun qo‘shimcha stipendiya va shu kabi qo‘llab-quvvatlashlarni amalga oshirishlari mumkin.

Texnologik yangiliklarni ta'lim tizimiga kiritish — ta'lim tizimini hozirgi davrning eng qiziqarli jarayonlaridan biriga aylantiradi, bu shubhasiz. Demak, ta'lim sohasidagi islohotlarni o‘z taraqqiyot strategiyasi, ichki siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan O‘zbekiston yaqin kelajakda ta'lim tizimi bilan ham dunyo e'tirofiga sazovor bo‘lishiga ishonamiz. 

Ko‘proq yangiliklar: