Foto va video suratga olish qayerlarda taqiqlanadi?

O‘zbekiston 16:50 / 13.02.2018 41964

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida O‘zbekiston Respublikasi hududida jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi joylashtirildi, deb yozmoqda Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 6.02.2018 yildagi PQ-3509-son qarorida turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilishiga ruxsat etilgan, ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan obektlar bundan mustasno. 

Loyihaga muvofiq ushbu ro‘yxatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu idoralar ro‘yxatga kiritilgan obektlarda foto va video suratga olish tartibini ham belgilaydilar. Manfaatdor organlar va tashkilotlarning buyurtmalariga ko‘ra ro‘yxatlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, yer uchastkalari, binolar va inshootlar egalari o‘zlariga tegishli bo‘lgan obektlarda foto va video suratga olish qoidalarini belgilashlari, apparatura va texnik vositalardan (chaqnoq yorug‘lik asboblari, shtativ, yorug‘lik soyabonlari) foydalanishga cheklov joriy qilishlari hamda foto va video suratga olishni amalga oshirganlik uchun to‘lovni undirishlari mumkin bo‘ladi.

Obekt egalari belgilagan tartib buzilgan taqdirda, ular foto va video suratga olishni to‘xtatishni, zarurat tug‘ilganda foto va videofayllarni yo‘q qilishni (qurilmaning xotirasidan o‘chirishni) talab qilishga haqlidirlar.

Loyihada quyidagilarni foto va video qayd etish taqiqlanadi:

• xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari va xodimlarini, ularning roziligisiz;
• qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik mol-mulk, shuningdek Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, MXX va Milliy gvardiya bo‘linmalarining tezkor va jangovar xizmat faoliyatini;
• Davlat chegarasida o‘rnatilgan chegara belgilari, muhandislik-texnika vositalari, binolar, inshootlar va boshqa obektlarni, shuningdek chegara organi boshlig‘ining ruxsatisiz chegaradosh davlatlar hududini;
• chet davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlarning hududi, binolari va inshootlarini;
• belgilangan suratga olish rejimini buzgan holda obektlarni.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: