Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov Chust tumani Sabzazor dahasidagi 183 gektar maydonda barpo etilishi ko‘zda tutilgan “Chust erkin iqtisodiy zonasi”da amalga oshirish uchun taqdim qilingan loyihalar bilan tanishdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatidan ma'lum qilinishicha, o‘tgan vaqtda yangi EIZga oid 11 ta loyihani bajarish yuzasidan takliflar olindi. Jumladan, “Chust tekstil” xususiy korxonasining loyihasi umumiy qiymati 8 million AQSh dollarini tashkil etib, unda yiliga 5 ming tonna bo‘yalgan trikotaj mato, 5 million dona tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish reajalashtirilgan. Korxona ishga tushgach, 700 kishi ishli bo‘ladi.
Tez orada foydalanishga topshirishilishi mo‘ljallanayotgan savdo majmuasidagi bunyodkorlik ishlarining asosiy qismi yakunlanib, pardozlash bosqichiga kirdi. Kompleks ishga tushganidan so‘ng 90 ga yaqin savdo do‘koni, 49 ta qassobxona va yana yuzlab qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, sanoat mahsulotlari bo‘yicha savdo shaxobchalari o‘z faoliyatini boshlaydi. Savdo kompleksining ikkinchi qavatida esa liboslar savdosi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonada alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi. Xususan, EIZ ishtirokchilari tomonidan tegishli investitsiyalar kiritilganda, ular yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, majburiy to‘lovlardan, chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.