Chaqmoq AQSh bombardimonchi samolyotida odam bo‘yidek darcha qoldirdi

Jahon 23:40 / 13.02.2018 12489

Chaqmoq AQShning Boeing B-52 Stratofortress strategik bombardimonchi samolyoti dum qismida katta darcha qoldirgani ma'lum qilindi. Bu haqda The Aviationist nashri xabar berdi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, chaqmoq samolyot 2017 yil dekabrda Luizianadagi Barksdeyl aviabazasiga ko‘nishi vaqtida samolyotga urilgan. Samolyot ekipaji nima yuz berganini tushunmay qolgan va faqatgina qo‘ngandan keyin odam bo‘yidek keladigan darchani ko‘rgan.

Ziyon baholangach, samolyotning vertikal stabilizatori, yashinqaytargichi va himoyasiga tiklanib bo‘lmas zarar yetgani va samolyot dum qismini to‘liq almashtirish kerakligi ma'lum bo‘lgan. 

Texnik mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, chaqmoq zarbalari yiliga bir necha marotaba yuz beradi, biroq ushbu holatdagisi jiddiy oqibatlarga olib kelgan. Mexaniklardan birining aytishicha, u 15 yillik faoliyati davomida birinchi marta samolyotning dum qismini to‘liq almashtirishiga to‘g‘ri kelgan. 

Boeing B-52 Stratofortress samolyoti AQSh qurollanishida 1955 yildan beri mavjud. Rejaga ko‘ra, ushbu samolyot kamida 2030 yilgacha AQShning uzoq bombardimonchi aviatsiyasining asosiy samolyoti bo‘lib qoladi. Samolyot turli qurollar, jumladan yadroviy qurolni tashiy oladi.

Ko‘proq yangiliklar: