Avvalgilarga o‘xshamas: Bugun YeChLda pley-off o‘yinlari boshlanadi

Sport 10:30 / 13.02.2018 38522

Ikki oydan sal ko‘proq davom etgan tanaffusdan so‘ng, bugundan nihoyat Yevropa Chempionlar Ligasi davom etadi va nimchorak final pley-off o‘yinlariga start beriladi. O‘yinlar har bir kunga ikkitadan qilib taqsimlangani uchun sakkiz ishtirokchi bu hafta kuch sinashsa, qolgan o‘yinlar kelasi haftaga belgilangan. Boshlanayotgan pley-off bosqichi haqida o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Xo‘sh, bu safargi turnir oldingilardan nimasi bilan farq qiladi?

ANGLIYaDAN BeSh JAMOA

Ushbu Chempionlar Ligasi mavsumida Angliya Premer Ligasidan birato‘la 5 jamoa qatnashmoqda. Bu Angliya uchun rekord natijadir. Ikki yil oldin Ispaniya chempionati ham musobaqaga besh jamoasini taqdim etgandi.

Bu safargi ko‘rsatkichning o‘ziga xosligi shundaki, barcha besh jamoa pley-off bosqichiga chiqa olishdi. Yuqorida eslangan, 2015/16 yilgi mavsumda esa, «Valensiya» va «Sevilya» guruh bosqichidan o‘ta olmagan, fevralga kelib, La Ligadan faqat 3 jamoa qolgandi. APL jamoalari guruhda juda kuchli o‘yin ko‘rsatganliklarining isboti - besh jamoadan to‘rttasi o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni olishdi. «Chelsi» 2-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, bir tur avval pley-off masalasini hal qilgandi. Xullas, YeChL tarixida ilk marotaba, bitta ligadan besh jamoa ishtirok etmoqda.

Ingliz jamoalarining kuchayishi, u yerda dunyoning eng yaxshi murabbiylari to‘planishi va bu murabbiylar klublarda ikkinchi yoki uchinchi mavsumlarini o‘tkazayotganliklaridir. Bu omil ingliz klublarining shakllangan va raqobatbardosh kuchga aylana boshlaganiga sabab bo‘lib ham xizmat qilmoqda.

YeVROPANING ASOSIY INTRIGASI

Katta ehtimol bilan, aprel oylariga yaqin, ya'ni chorak finallar paytida, kuchli milliy chempionatlarning aksariyatida chempionlik masalasi hal bo‘lib qolsa kerak. «Manchester Siti», «Barselona», «PSJ» va «Bavariya» klublari ta'qibchilarini ikki raqamli sonlardagi ochko farqi bilan ortda qoldirishmoqda.

Bu nima degani? Bu klublar ichki chempionatdagi kurashlardan chalg‘imasdan bor e'tiborlarini Yevropadagi muhim turnirga qaratishlari mumkin bo‘ladi. Nafaqat, bu peshqadamlar, shuningdek, chempionlikdan umidini uzgan «Real», «Chelsi» yoki «Manchester Yunayted» kabi jamoalar ham, ichki frontda «non yo‘qligi»dan asosiy e'tiborni Yevropa Chempionlar Ligasidagi pley-offlarga qaratishlari turgan gap.

Xullas, agar A Seriyada «Napoli» bilan kurashayotgan «Yuventus»ni qavs ichiga olsak, boshqa barcha ishtirokchilar uchun bugungi kunda eng muhim intriga aynan Chempionlar Ligasidagi natijadir.

FRANTsIYaDAN FAVORIT

«Liga 1» kuchli beshlik ichida doim soyada qoladi. YeChLning o‘tgan qisqa tarixida Ispaniya jamoalari 10 marotaba, inglizlar 4, nemislar va italiyaliklar 3 martadan zafar quchishgan. Marselning «Olimpik» klubi ushbu musobaqaning ilk mavsumida g‘olib chiqqan bo‘lsa, asr boshlarida «Monako» kutilmaganda finalga qadar yetib borgandi.

O‘sha «Olimpik» davridan beri ilk marta, fransuz jamoasi turnirning eng asosiy favoritlaridan biri sifatida tilga olinmoqda. «Chelsi» bilan dramatik o‘yinlar, «Barselona»ning kambeki - «PSJ»ning pley-offning doimiy ishtirokchisi va xavfli raqib bo‘lib qolganiga ancha bo‘lsa-da, baribir bu jamoaning YeChL g‘olibi bo‘lishiga biroz ishonqiramay qaralardi.

Neymarni «Barselona»dan, Mbappe esa, «Real»ning «tumshug‘i osti»dan olib qo‘yilishi «PSJ»ni ana endi Yevropada katta kuch sifatida namoyon qildi va bugungi kunda ham tarkib, ham ko‘rsatilayotgan o‘yin va salobat yuzasidan ham parijliklarga katta umid bilan qarash mumkin bo‘lmoqda. Guruh bosqichida «Bavariya» kabi jamoa ortda qoldirilganining o‘ziyoq juda muhim qadam.

YaNGI ReKORD OSTONASIDA...

Bugun Emeri jamoasiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan kuch haqida ham gaplashmasak bo‘lmaydi. Har qanday muammolar girdobida qolgandek tuyulmasin, «Real» har bir chiziqda eng kuchli futbolchilardan tarkib topgan va alohida uchrashuvda Yevropaning har qanday jamoasini yengishga qodir. Shuningdek, Ispaniyadagi sovrinlardan quruq qolgan madridliklar mana shunday eng omadsiz mavsumni ham ko‘tarinki ruhda, qatorasiga uchinchi bor Yevropaning muhim sovrinini ko‘targan holda yakunlash imkoniyati bor.

Ko‘pincha, turnir g‘oliblarining keyingi mavsumda bu ishni yana takrorlashlari oson kechmaydi. Bunga sabab sifatida, futbolchilarda motivatsiya muammolari yuzaga kelishi aytiladi. E'tibor bersangiz, ko‘pincha, g‘oliblar kelasi yilda ko‘pchilik uchun kutilmagan o‘yinlarda imkoniyatni boy berib qo‘yadi. «Real»ning Ispaniyadagi muvaffaqiyatsizligi, aynan mana shu salbiy ta'sirning yo‘qqa chiqarishi ham mumkin. Axir «Real» shu darajaga tushdiki, jamoani, murabbiy va har bir futbolchi qattiq ta'sir ostiga olindi. Bunday vaziyatlarda sportcha ruhiyat yanada kuchayishi va yaralangan sher kabi, «Real» bor-budini mana shu turnirga tashlashi mumkin. Bu taxminlarning to‘g‘ri chiqishiga yetarli asoslar ham bor - masalan, so‘nggi turlarda «Real»ning o‘yini yaxshi tomonga o‘zgara boshlaganini ko‘rishimiz mumkin. YeChL qiroli Krishtianuning maydonga tushgan uch o‘yinda 7 gol urganining o‘ziyoq, «PSJ»ga oson bo‘lmasligini ko‘rsatib turibdi.

Madrid klubi YeChLda qatorasiga uch bor g‘alaba qozongan ilk jamoa sifatida, o‘z rekordlarini yangilashlari mumkin. «Real»ning, shuningdek, yoki boshqa ispan klubi «Barselona»ning g‘alabasi ham o‘ziga xos rekordga - ya'ni, bir davlat jamoalarining qatorasiga 5 yil turnir g‘olibi bo‘lishiga olib keladi. Bunday holat YeChLda hech qachon kuzatilmagan, Chempionlar kubogida ham o‘sha dastlabki yillarga, «Real»ning 1955-59 yillardagi gegemonlik davriga murojaat qilishga majbur bo‘lib qolamiz.    

Ushbu haftadagi o‘yinlar:

13 fevral: «YuVeNTUS» - «TOTTeNHEM», «BAZeL» - «MANCheSTeR SITI»

14 fevral: «PORTU» - «LIVeRPUL», «ReAL» - «PSJ»

Uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 00:45da boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: