O‘zbekiston 2018 yilning yanvar oyida avtomobil benzini ishlab chiqarishni 2017 yilning shu davriga nisbatan 15,4 foizga oshirgan — 105 ming tonna. Bu haqda davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida qo‘mitaning Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi hisoboti e'lon qilingan.
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish 21,9 foizga kamaygan va 71,5 ming tonnani tashkil etgan.
O‘zbekistonda 2018 yilning yanvarida 63,3 ming tonna neft qazib olingan. Bir yil muqaddam bu ko‘rsatkich 69 ming tonna bo‘lgan va pasayish 8,2 foizni tashkil etgan.
2017 yil yanvarida 4,75 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan bo‘lsa, joriy yilning yanvarida bu ko‘rsatkich 5,09 milliard kub metrga yetgan — o‘sish 7,1 foiz.
2018 yil yanvarida ishlab chiqarilgan gaz kondensati 193,9 ming tonnani tashkil etgan. Bir yil muqaddam bu ko‘rsatkich 152,2 ming tonna edi — o‘sish 27,4 foiz.
Avtomobil ishlab chiqarishda ham katta o‘sish ko‘zga tashlangan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 60,6 foizni tashkil etgan bo‘lib, yanvarda 12,17 ming avtomobil ishlab chiqarilgan.
Yuk avtomobillari (177 birlik, -36,1 foiz), avtobuslar (40 dona, -2,5 foiz) ishlab chiqarishda o‘tgan yilga nisbatan pasayish kuzatilgan.
Hisobot davrida avtomobil dvigatellari ishlab chiqarishda ham katta o‘sish kuzatilgan — 58,2 foiz va ularning soni 9220 donani tashkil etgan.