2018 yilda Oliy Majlisga qanday qonun loyihalari kiritiladi

O‘zbekiston 12:40 / 13.02.2018 14013

Vazirlar Mahkamasining 2.02.2018 yildagi 73-son qarori bilan 2018 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
U ikki bo‘limdan iborat.
 
1 –  Prezidentning hujjatlarida nazarda tutilgan qonun loyihalari. Ular sirasida, masalan, «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida», «Fan to‘g‘risida»gi Qonunlar va «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri mavjud.
 
Shuningdek o‘tgan yil kuzda jamoat muhokamasiga taqdim etilgan «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi taxminan iyul oyida Parlamentga kiritiladi. Xalqaro tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ekspert mazkur qonun loyihasi yuzasidan takliflar kiritgan, ular bilan bu yerda tanishib chiqish mumkin.
 
Bundan tashqari, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga navbatdagi tuzatishlarni kiritish rejalashtirilmoqda. Quyidagilar uchun ma'muriy javobgarlikni joriy etish nazarda tutilmoqda:

• arz qiluvchidan elektron hujjat, so‘rov, murojaatni qabul qilishni rad etganlik;
• davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi hamda muddatlarini buzganlik;
• arz qiluvchidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentida nazarda tutilmagan hujjatlarni so‘rab olganlik;
• davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat organi va boshqa tashkilotning qonuniy talablarini (topshiriqlarini) bajarmaganlik.
 
2 – mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi organlarining tashabbuslari va takliflari asosida ishlab chiqiladigan qonun loyihalari.
 
Boshqalar qatori, Soliq kodeksining 179-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Loyihada fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarini oliy ta'lim muassasasida turmush o‘rtog‘ining ta'lim olishi uchun to‘lovga yo‘naltirganda soliq to‘lashdan ozod etish taklif qilinmoqda. Eslatib o‘tamiz, hozir ushbu imtiyoz faqat o‘zining o‘qishi yoki 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun haq to‘laganda amal qiladi.
 
Shuningdek «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga bir qator tuzatishlar tayyorlanmoqda, ularda quyidagilar nazarda tutilgan:

• aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalining eng kam miqdoriga bo‘lgan talabni 400 mln so‘mga kamaytirish (hozir – 1 mlrd 600 mln so‘m);
• aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida chet ellik investorlar ulushi kamida 15%ni tashkil etishi lozim bo‘lgan tartibni bekor qilish;
• aksiyadorlik jamiyatlariga aksiyalarni nominal qiymat bilan yoki nominal qiymatsiz chiqarishni mustaqil tanlash huquqini berish. 
 
Umuman olganda joriy yilda 24 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish rejalashtirilmoqda.
 
Hujjat 9.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: