O‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochildi: Yoqutxon uning muallifi

Sport 21:00 / 12.02.2018 38018

Jizzax viloyat hokimligida tashkil etilgan marosimda 2017 yilda Respublika va jahon arenalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Saliyev tomonidan taqdirlandi. Bu haqda KUN.UZ’ning Jizzax viloyati muxbiri Akmal Binokulov xabar bermoqda.

Tashkil etilgan mazkur marosimda qatnashgan yoshlar ichida shu yilning 8-18 mart kunlari Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini chang‘i poygalarida (6.5 km,  7.5 km,  15 km masofaga) himoya qiladigan sportchi Yoqutxon Xolbekova ham bor edi.

Yoqutxon Xolbekova yengil atletikaning kross, yugurish yo‘nalishlari bo‘yicha 2009 yilda “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” sport musobaqalari, bir necha bor O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari g‘olibi, 2014 yil Dubay (BAA)da o‘tkazilgan paralimpiya gran-pri Xalqaro musobaqasining 2 ta oltin medal, 2014 yil Koreyada o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida (1500 metr) kumush medal, 2016 yil Tunisda o‘tkazilgan Xalqaro Brilliant ligada (1500 metr) oltin medal sohibasi, Paraosiyo rekordchisi hisoblanadi. Uning sportdagi natijalari munosib e'tirof etilib, 2014 yil “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rilgan.

Yoqutxon Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani 2018 yil 18-27 yanvar kunlari Germaniyaning Oberrayd shahrida xalqaro musobaqada chang‘i poygasi bo‘yicha 6,28,27-soniya natija bilan qo‘lga kiritdi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Saliyev Yoqutxon agarda Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida birinchi o‘rinni egallasa, Jizzax shahrida qurilayotgan namunaviy uylardan birini boshlang‘ich badalini to‘lab berishini ta'kidladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: