Tarixda ilk bor “Kann” Xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston paviloni tashkil etiladi

O‘zbekiston 19:43 / 12.02.2018 11111

2018 yilning 8-19 may kunlari Fransiyaning mashhur Kruazet sohili bo‘yidagi Festivallar va kongresslar saroyida birinchi marotaba taqdim etiladigan yurtimiz paviloni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilmoqda.

Bu bo‘yicha Kinematografiyani rivojlantirish markazi dunyoning birinchi raqamli xalqaro kinofestivali Kann kino bozori direksiyasi bilan shartnoma imzoladi. Har yili tashkil etiladigan kinobozor dunyo kino sanoatidagi asosiy biznes va madaniy voqealardan biri hisoblanadi. O‘tgan yilning o‘zida mazkur tadbirda jahonning 118 mamlakatidan 12 mingdan oshiq kishi ishtirok etgan va bu ko‘rsatgich yil sayin ortib bormoqda.

Pavilon qatnashchilari kino bozorida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlarga O‘zbekiston kinoijodkorlarining filmlari hamda mamlakatimizning boy kino lokatsiyasi haqida ma'lumotlarni taqdim etib, respublikamizning madaniy va ma'naviy qadriyatlari bilan ularni yaqindan tanishtirishadi. Shuningdek, u yerda 2018 yilning oktabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan, shu yildan boshlab xalqaro kinofestival maqomini olgan PROlogue taqdimoti ham o‘tkaziladi.

O‘zbekiston paviloni xalqaro maydonda mamlakat imijini oshirish, kelajakda respublikaning iste'dodli kinoijodkorlarini dunyo miqyosida tanitish, O‘zbekiston kino san'atiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratish, shu bilan birga PROlogue – 2018 kinofestivalida ko‘plab xorijiy mutaxassis va kinoijodkorlarning ishtirokini ta'minlash hamda davlatimizning turizm salohiyatini yanada oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Ko‘proq yangiliklar: