Saakashvili Ukrainadan chiqarib yuborilishi mumkin

Jahon 19:40 / 12.02.2018 9240

Gruziyaning sobiq prezidenti, Odessa viloyatining sobiq-gubernatori Mixail Saakashvilining advokati himoyasidagi siyosatchi Ukrainadan chiqarib yuborilishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Bu haqda advokat Ruslan Chernolutskiy RIA Novosti muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tgan.

Siyosatchining tarafdorlaridan biri, Oliy Rada deputati Yuriy Derevyanko bundan avvalroq Saakashvilini Kiyevdagi restoranlardan birida qo‘lga olishgani haqida xabar bergandi. 

RIA Novosti ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina Xavfsizlik xizmati, prokuratura va migratsiya xizmati siyosatchini qo‘lga olishga aloqador emasliklarini ma'lum qilgan.

Saakashvilining boshqa bir advokati Pavel Bogomazov uni Ukraina davlat chegara xizmati qo‘lga olgani haqida ma'lum qilgan.

Ukraina huquq-tartibot organlaridagi manba ham Saakashvili Ukrainadan deportatsiya qilinishi haqida aytmoqda.

«Endi u Yevropa davlatlaridan biriga deportatsiya qilinadi. Barcha sud jarayonlari o‘tib bo‘lgan. U sudda yutqazishi bilanoq, xizmatlar uni deportatsiya qilish huquqiga ega bo‘lishgan», degan manba. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayon ko‘p vaqt olmaydi, axir sud qarori bor.

Bundan avvalroq Ukraina Migratsiya xizmati Saakashvilining qo‘shimcha himoya bo‘yicha so‘rovini rad qilgandi. Sud bu qarorni qonuniy deb topgan, Saakashvili apellyatsiya bergandi. Ammo apellyatsiya sudi ham qarorni tasdiqladi. 

Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko agar sud Saakashvili Ukrainada siyosiy boshpana olishga haqli emas deb topsa, unda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘lishi haqida aytgandi. Uning fikricha, bunday imkoniyatlardan biri — o‘zi istagan davlatga ketishi, masalan oilasi istiqomat qiladigan Niderlandiyaga, yoki Polshaga — u Ukraina chegarasini shu davlatdan kirib kelib buzib o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: