Qishki Olimpiada 2018: O‘zbekistonlik sportchini aeroportda qanday kutib olishdi?

Sport 14:00 / 12.02.2018 35550

Avval xabar berganimizdek, Janubiy Koreyaning Pyongchang shahridagi Olimpiya stadionida 2018 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga start berildi. Mazkur xalqaro turnirda o‘zbekistonlik ikki nafar sportchi - Komiljon To‘xtayev (tog‘ chang‘isi) va Misha Ge (figurali uchish) O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Kun.uz tahririyatining Janubiy Koreyadagi muxbiri xabar berishicha, ko‘p yillardan buyon Vatanimiz nomini  ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarda himoya qilib kelayotgan  figurali uchish ustasi Misha Ge Koreyaning Inchxon aeroportida Koreya qo‘llab-quvvatlash guruhi a'zolari hamda o‘zbekistonlik fuqarolar tomonidan munosib kutib olindi.

Sportchini tantanali qarshi olish va qo‘llab-quvvatlash uchun nafaqat vatandoshlarimiz, balki boshqa millat vakillari, shuningdek, jajji  muxlislar tashrif buyurishdi.

Kutib olish marosimida O‘zbekiston Davlat madhiyasi jarang sochdi hamda sportchiga sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, Misha Ge o‘z muxlislariga minnatdorlik bildirib, dastxatini ulashdi.

Kun.uz tahririyati Misha Gega qishki Olimpiada o‘yinlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Ma'lumot o‘rnida: 16 kun davomida 15 ta sport turi bo‘yicha 102 ta medallar shodasi uchun bahs olib boriladi. Pyongchangdagi Olimpiadada tarixda ilk bor 100 dan ko‘proq medallar shodasi o‘ynaladi. Shuningdek, ilk bor kyorlingda dabl-mikst, snoubordda big-eyr, konkida yugurishda mass-start va chang‘i sportida aralash jamoaviy musobaqa taqdim qilinadi.

O‘yinlarda umumiy hisobda 92 ta davlatdan 2952 sportchi ishtirok etmoqda. Olimpiadada ishtirok etuvchi davlatlar va sportchilar qishki Olimpiadalar uchun rekord hisoblanadi. Pyongchangga kelgan eng ko‘p sonli terma jamoa AQSh bo‘ldi. Bu davlatdan Olimpiadaga 242 sportchi keldi va bu ham qishki Olimpiadalar uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Video muallifi: Gulnoz Bikbayeva

Ko‘proq yangiliklar: