Qishki olimpiada: tarix va bugun

Sport 13:03 / 10.02.2018 72736

Kecha Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida qishki olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 9-25 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan sport bayrami butun duyon muxlislarini o‘ziga jalb qilishi tabiiy. KUN.UZ oq olimpiada nomini olgan sport bayramining paydo bo‘lish tarixi va unda O‘zbekiston sportchilarining ishtirokiga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Lillehammer-1994 olimpiadasi chempioni Lina Cheryazova

O‘YINLARI TARIXI

Qishki Olimpiada o‘yinlari — qishki sport turlari bo‘yicha o‘tkazilib, yozgi Olimpiya o‘yinlari kabi Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi shafeligida tashkil etiladi.

Birinchi qishki Olimpiya o‘yinlari 1924 yilda o‘tkazilgan. Dastlab, qishki va yozgi Olimpiya o‘yinlari bir yilda o‘tkazilib kelingan. 1994 yildan boshlab esa, yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilgach, oradan ikki yil o‘tib qishki Olimpiya o‘yinlari tashkil etiladi.

Bugungi kunga kelib qishki Olimpiya o‘yinlarining dasturi sezilarli ravishda kengayish bilan birga, ishtirokchilar soni ham keskin darajada oshgan.

Aslida, qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish g‘oyasi birmuncha avval, ya'ni zamonaviy Olimpiada o‘yinlarini tashkil etish g‘oyasi paydo bo‘lgan davrdan boshlangan. 1894 yilda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga asos solingach, yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga konkida uchish bo‘yicha musobaqalarni ham kiritish tavsiya etilgan. Lekin, dastlabki uchta Olimpiada o‘yinlarida muz ustida o‘tkaziladigan birorta sport turlari kiritilmagan. 1908 yilga kelibgina, London (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida figurali uchish bo‘yicha 4 ta dasturda musobaqalar o‘tkazilgan.

Qishki olimpiadaga mezbonlik qilgan mamlakatlar yashil rangda
Ko‘k rangda musobaqaga bir martadan ortiq mezbonlik qilganlar

1920 yil Antverpen (Belgiya)da o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlari dasturidan figurali uchish va shaybali xokkey sport turlari o‘rin egallagan. Mazkur musobaqalarda shvetsiyalik Gillis Grafstrem figurali uchish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqada, uning hamyurti Magda Yulin-Mauroy esa ayollar orasida oltin medalga sazovor bo‘lganlar. Lyudovika va Valter Yakobssonlar (Finlyandiya) esa juftlik musobaqalarida birinchi o‘rinni egallashgan. Shaybali xokkey bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslarda jami 7 jamoa g‘oliblik uchun bahs yuritib, unda kanadalik xokkeychilar zafar quchganlar.

Rasmiy debyut. Fransiya, Shamoni. 1924 yil
«Oq olimpiada» nomini olgan bu musobaqaning rasman dastlabki 1924 yilda Fransiyaning Shamoni shahrida bo‘lib o‘tgan Fransiyaning Alp tog‘lariga tutash qismida o‘tkazilgan bu musobaqa «Parijda bo‘lib o‘tadigan VIII o‘yinlariga bag‘ishlangan Qishki sport turlari haftaligi» degan uzundan-uzun nom ostida o‘tkazilgan. O‘shanda yanvar-fevral oylarida bo‘lib o‘tgan o‘sha musobaqada 16 mamlakatdan 293 nafar sportchi ishtirok etgandi. Aslida bu musobaqa o‘tkazilmay qolishi ham mumkin edi. Sababi Shamoni so‘nggi kunlargacha musobaqani o‘tkazishi shubha ostida qolgandi.

Shunda zamonaviy olimpiya o‘yinlari asoschisi Per de Kuberten XOQning uchinchi prezidenti Anri de Balle-Lyaturaga xat yozadi. Unda agar Fransiya bu olimpiadani o‘tkaza olmasa juda ko‘pchilik mamlakat ustidan kulishi mumkin degan ma'no bor edi. Shundan so‘ng mamlakat bu musobaqani qanday bo‘lmasin o‘tkazishga qaror qiladi..

Zamonaviy olimpiada o‘yinlari asoschisi — Per de Kuberten

Yana bir musobaqaning o‘tkazilishiga xavf solgan sabab bu skandinaviya mamlakatlarining e'tirozi bo‘ladi. Qishki sport musobaqalarining mutlaq gegemoni bo‘lgan mintaqa o‘zlari uchun alohida shimoliy hududlar o‘yinlari tashkil qilib olishgandi. Ular uchun mana shu turnirdan ko‘ra nufuzliroq musobaqani tashkil qilish imkonsiz edi. Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya tomoni bu musobaqada hech qanday raqib yo‘qligini aytib, bu musobaqani tashkil etishdan foyda yo‘qligini aytishardi. «Yunonistondan kim ham konki uchishni o‘rganib, bizga raqib bo‘lishi mumkin?», deb hisoblashishardi ular. Sport ittifoqi rahbarlari esa bu nafaqat sport musobaqasi balki tog‘ chang‘isi kurortlarining reklamasi ekanini ham yaxshi tushunishardi va shu boisdan bu musobaqani har qanday holatda ham o‘tkazish kerak degan fikrga kelishadi.

I Qishki olimpiada o‘yinlari ochilish marosimi

Moliyaviy jihatdan o‘ta zararli (yagona daromad ko‘rish manbasi bo‘lgan chiptalar sotuvi 35 foizga ham yetmagan) bo‘lsada, Olimpiadani muntazam o‘tkazish uchun asoslar topildi. 1926 yili Lissabonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda II qishki olimpiada o‘yinlari Sent-Moritseda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ikki yil muqaddam qishki sport haftaligi nomi ostida o‘tkazilgan Shamoni olimpiadasi I qishki olimpiya o‘yinlari sifatida tan olindi. Shu tariqa baron Per de Kubertenning yana bir oqilona missiyasi yakunlandi. Sport dahosi o‘sha paytda insoniyatga yana bir ulkan bayramni tortiq etganini balki his qilmagandir ham...

Tarix yozgan mustaqil O‘zbekiston

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ilk marta 1994 yili Norvegiyaning Lillehammer shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiada mustaqil davlat sifatida, O‘zbekiston bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston sporti tarixidagi ilk olimpiada edi. Sababi bungacha mamlakat Yozgi olimpiada o‘yinlarida ham hali mustaqil davlat sifatida ishtirok etmagandi.

Lillehammerdagi olimpiadada O‘zbekiston sharafini 2 sport turida ishtirok etgan: figurali uchish, fristayl. Sportchilar soni esa 7 nafarni tashkil qilgandi

Figurali uchish:
Aliki Sergaadu, Yuriy Razgulyayev, Dinara Nurbayeva, Muslim Sattorov

Fristayl: 
Lina Cheryazova, Sergey Brener, Larisa Udodova

O‘zbekiston sporti tarixida bu olimpiadaning yana bir alohida ahamiyat kasb etishi bu fristayl ustasi Lina Cheryazovaning ishtiroki bo‘lgandi. Cheryazova O‘zbekiston sporti tarixida olimpiadalarda qo‘lga kiritilgan ilk oltin medalni aynan Norvegiyada qo‘lga kiritgandi. Afsuski, hozirgacha bu qishki olimpiada tarixida qo‘lga kiritgan yagona medalimiz sanaladi. Undan keyin o‘tkazilgan beshta olimpiadada ham O‘zbekiston terma jamoasi hech bo‘lmasa bronza medalini ham qo‘lga kirita olmagan.

Lillehammer olimpiadasi chempioni Lina Cheryazova Toshkent xalqaro aeroportida kutib olinmoqda

O‘zbekiston uchun ikkinchi qishki olimpiada 1998 yilning 7-22 fevral kunlari Yaponiyaning Nagano shahrida o‘tkazilgan XVIII qishki olimpiada musobaqalari bo‘lgandi. 

Bu safar O‘zbekiston sharafini 3 sport turida to‘rt nafar sportchi himoya qilgandi:

Tog‘ chang‘isi: 
Komil O‘runboyev (slalom)

Figurali uchish:
Roman Skorniakov, Tatyana Malinina

Fristayl:
Lina Cheryazova

XIX qishki Olimpiada o‘yinlari 2002 yilning 8-24 fevral kunlari AQShning Solt-Leyk-Siti shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston terma jamoasi 2 sport turida 6 kishidan iborat delegatsiya bilan ishtirok etgandi.

Tog‘ chang‘isi: 
Komil O‘runboyev (slalom), Elmira Urumbayeva (slalom)

Figurali uchish:
Roman Skornyakov, Tatyana Malinina, Natalya Ponomaryova, Yevgeniy Sviridov

XX Qishki Olimpiada Italiyaning Turin shahrida 2006 yil 10-26 fevral kunlari o‘tkazilgan. O‘zbekiston terma jamoasi 2 sport turidan to‘rt nafar sportchi bilan qatnashgan.

Tog‘ chang‘isi: 
Qayrat Yermetov (slalom)

Figurali uchish:
Anastasiya Gimazetdinova, Marina Aganina, Artyom Knyazev

Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tgan XXI Qishki Olimpiada 2010 yilning 12-28 fevral kunlari tashkillashtirilgan. Unda O‘zbekistondan ikki sport turida uch nafar atlet ishtirok etgan.

Tog‘ chang‘isi:
Kseniya Grigoreva (slalom), Oleg Shamayev (slalom, gigant slalom)

Figurali uchish:
Anastasiya Gimazetdinova

Sochida bo‘lib o‘tgan 2014 yilgi olimpiadada esa O‘zbekiston terma jamoasi sharafini 2 sport turida uch nafar sportchi himoya qilgan

Tog‘ chang‘isi:
Artyom Voronov (slalom, gigant slalom), Kseniya Grigoreva (slalom, gigant slalom)

Figurali uchish:
Misha Ge

Pyongchangda start olgan olimpiadada O‘zbekiston sharafini ikki sport turida uch nafar sportchi himoya qiladi

Tog‘ chang‘isi:
Komiljon To‘xtayev (slalom, gigant slalom), Kseniya Grigoreva (slalom, gigant slalom)

Figurali uchish:
Misha Ge

Ko‘proq yangiliklar: