2017 yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi YaHM hajmi 8 285,2 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2016 yilga nisbatan 5,7% ga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.
YaHMning o‘sishi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 103,8 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 15,2 %), sanoat – 107,1 % (32,7 %), qurilish – 103,6 % (7,5 %), xizmatlar sohasi – 105,9 % (44,6 %) kabi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 4 527,7 ming so‘mni tashkil etdi va 4,2 % ga o‘sdi.
Andijon viloyati bo‘yicha YaHM joriy narxlarda 14 479,0 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2016 yil bilan taqqoslaganda 6,7 % ga o‘sdi. Iqtisodiy o‘sish qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 101,1 % (YaHM tarkibidagi ulushi - 33,4 %), sanoatda - 123,5 % (20,8 %), qurilishda – 101,9 % (5,6 %), xizmatlar sohasida – 105,1 % (40,2 %) kuzatilgan ijobiy o‘sish sur'atlari natijasida ta'minlandi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 4 847,2 ming so‘mni tashkil etdi va 2016 yilga nisbatan 4,9 % ga o‘sdi.
Buxoro viloyatida YaHM hajmi 12 283,9 mlrd so‘mni yoki 2016 yilga nisbatan 101,7 % ni tashkil etdi. YaHM hajmining o‘sishi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 101,6 % (YaHM tarkibidagi ulushi - 31,0 %), qurilishda – 101,4 % (9,7 %), xizmatlar sohasidagi – 103,8 % (39,6 %) ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Sanoatda ishlab chiqarish hajmining 1,5 % ga kamayishi kuzatildi. Ushbu tarmoqning YaHMdagi ulushi 19,7 % ni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YaHM hajmi 0,2 % ga o‘sdi va 6 616,0 ming so‘mni tashkil etdi.
Jizzax viloyatida YaHM 2016 yilga nisbatan 2,4 % ga o‘sdi va 5 762,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida ham ijobiy o‘sish sur'atlari qayd etildi. Xususan, o‘sish sur'atlari qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 101,1 % (YaHM tarkibidagi ulushi - 35,2 %), sanoatda - 100,4 % (14,3 %), qurilishda – 100,1 % (8,1 %), xizmatlar sohasida – 104,6 % (42,4 %) ni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YaHM hajmi 4 388,9 ming so‘mni tashkil etdi va 2016 yilga nisbatan 0,5 foizga o‘sdi.
Qashqadaryo viloyati yalpi hududiy mahsuloti 2016 yilga nisbatan 3,1 % ga o‘sdi va 17 366,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. YaHM ning o‘sishi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Jumladan: qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 100,8 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 22,6 %), sanoatda – 104,1 % (35,2 %), qurilishda – 100,4 % (7,6 %), xizmatlar sohasida – 104,0 % ni (34,6 %) tashkil qildi. Aholi jon boshiga YaHM 1,1 % ga o‘sdi va 5 568,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Navoiy viloyatida YaHM o‘sishi 1,3 % ni tashkil etdi va 12 317,4 mlrd so‘mga yetdi. YaHM tarmoq tarkibini 2016 yil bilan taqqoslaganda o‘sish sur'ati qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 104,1 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 18,5 %), sanoatda – 98,6 % (53,9 %), qurilishda – 103,1 % (4,8 %), xizmatlar sohasida – 106,3 % ni (22,8 %) tashkil etdi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 0,3 % ga kamaydi va 12 961,6 ming so‘mni tashkil etdi.
Namangan viloyatida YaHM 10 552,5 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu esa 2016 yil ma'lumotlariga nisbatan 4,2 % ga ko‘pdir. YaHM dagi o‘sish sur'ati qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 101,1 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 30,9 %), sanoat – 105,0 % (14,9 %), qurilish – 107,6 % (6,8 %), xizmatlar sohasidagi – 105,4 % (47,4 %) ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Aholi jon boshiga YaHM 2,3 % ga o‘sdi va 3 943,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Samarqand viloyatida YaHM hajmi joriy narxlarda 18 319,5 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2016 yil bilan taqqoslaganda 2,5 % ga o‘sdi. Ushbu hududda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 101,4 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 32,2 %), sanoatda – 102,2 % (18,6 %), xizmatlar sohasida – 104,5 % (43,3 %) ijobiy o‘sish sur'atlari qayd etildi. Qurilish tarmog‘ida esa, bajarilgan ishlar hajmining kamayishi qayd etildi, ya'ni 2016 yilga nisbatan 95,6 % ni tashkil etdi (ushbu tarmoqning YaHM tarkibidagi ulushi – 5,9 %). Aholi jon boshiga YaHM 0,6 % ga o‘sdi va 4 970,4 ming so‘mni tashkil etdi.
Surxondaryo viloyatida YaHM 3,7 foizga o‘sdi va 10 633,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. YaHMning o‘sishiga ta'sir qiluvchi omillar bo‘lib, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 106,6 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 40,3 %), qurilishda – 104,1 % (7,7 %), xizmatlar sohasidagi – 104,7 % (43,8 %) ijobiy o‘sish sur'atlari xizmat qildi. Sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 2016 yilga nisbatan 90,0 % ni tashkil etdi (YaHM tarkibidagi ulushi – 8,2 %). Aholi jon boshiga YaHM 4274,3 ming so‘mni tashkil etdi, bu esa 2016 yil ma'lumotlariga nisbatan 1,6 % ga ko‘pdir.
Sirdaryo viloyati yalpi hududiy mahsuloti hisobot davrida 2,3 % ga kamaydi va 5 066,4 mlrd so‘mni tashkil etdi. YaHMning tarmoq tarkibida o‘sish sur'atlari: qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 102,3 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 36,9 %), xizmatlar sohasida – 105,5 % (33,5 %) ni tashkil etdi. Shuningdek, 2016 yil bilan taqqoslaganda sanoatda – 84,6 % (24,7 %) va qurilishda – 95,1 % (4,9 %) hajmlarning kamayishi kuzatildi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 3,8 % ga kamaydi va 6 259,5 ming so‘mni tashkil etdi.
Toshkent viloyatida YaHM 23 525,3 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2016 yil bilan taqqoslaganda 3,1 % ga o‘sdi. YaHMning o‘sishi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Jumladan: qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 100,8 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 23,1 %), sanoatda – 103,0 % (38,7 %), qurilishda – 100,5 % (3,7 %), xizmatlar sohasida – 103,8 % (34,5 %) o‘sish sur'atlari kuzatildi. Aholi jon boshiga YaHM 1,8 % ga o‘sdi va 8 268,1 ming so‘mni tashkil etdi.
Farg‘ona viloyatida YaHM 4,0 % ga o‘sdi va 16 773,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. YaHMning o‘sishi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. O‘sish sur'ati qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 103,3 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 23,4 %), sanoatda – 102,0 % (24,6 %), qurilishda – 105,9 % (6,2 %), xizmatlar sohasida – 105,1 % (45,8 %) ni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YaHM 4669,0 ming so‘mni tashkil etdi va 2016 yilga nisbatan 2,4 % ga o‘sdi.
Xorazm viloyatida YaHM 8 232,9 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu esa 2016 yilga nisbatan 4,5 % ko‘pdir. YaHMning o‘sishi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 100,1 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 30,4 %), sanoat – 113,2 % (17,3 %), qurilish – 100,0 % (7,2 %) va xizmatlar sohasidagi – 105,2 % (45,1 %) o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 2,8 % ga o‘sdi va 4 597,6 ming so‘mni tashkil etdi.
Toshkent shahrida YaHM 38 642,9 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu esa 2016 yilga nisbatan 8,0 % yuqori. YaHM o‘sishining asosiy omillari bo‘lib, sanoat – 106,9 % (YaHM tarkibidagi ulushi – 32,2 %), qurilish – 110,9 % (7,4 %) va xizmatlar sohasidagi – 108,4 % (60,4 %) ijobiy o‘sish sur'atilari hisoblanadi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 6,4 % ga o‘sdi va 15 805,5 ming so‘mni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha YaIMning shakllanishida Toshkent shahri 15,5 % ulush bilan eng katta hissa qo‘shdi. Toshkent viloyati 9,4 % va Samarqand viloyati 7,4 % ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi. Respublika YaIM ni shakllantirishda eng kam ulush Sirdaryo (2,0 %), Jizzax (2,3 %), Xorazm (3,3 %) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (3,3 %) to‘g‘ri kelmoqda.
2017 yil yakunlari bo‘yicha Toshkent shahri (108,0 %), Andijon viloyati (106,7 %) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (105,7 %) yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi. Navoiy (101,3 %), Buxoro (101,7 %), Jizzax (102,4 %) va Samarqand (102,5 %) viloyatlarida Respublika darajasiga (105,3 %) nisbatan past o‘sish sur'atlari kuzatildi. Sirdaryo viloyatida YaHM hajmining (2016 yilga nisbatan 97,7 % teng) kamayishi qayd etildi.
2017 yil yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida (40,3 %), sanoatning eng yuqori ulushi Navoiy viloyatida (53,9 %), xizmatlar sohasining eng yuqori ulushi esa Toshkent shahrida (60,4 %) kuzatilmoqda.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi hamda xizmatlar sohasining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng kam ko‘rsatkich Navoiy viloyatida (mos ravishda 18,5 % va 22,8 %), sanoatning eng kam ulushi Surxondaryo viloyatida (8,2 %) qayd etildi.