Yaponiyalik sportchi qishki Olimpiadalar rekordchisi bo‘ldi  

Sport 20:05 / 08.02.2018 8485

Pyongchangdagi Olimpiadada tramplindan sakrash musobaqalarida ishtirok etuvchi yaponiyalik Noriaki Kasay qishki Olimpiadalarda ishtirok etish bo‘yicha 1-o‘ringa chiqib oldi.

45 yoshli sportchi 8 fevralda Olimpiada saralash bosqichida ishtirokini boshladi. Janubiy Koreyadagi Olimpiada sportchi uchun faoliyatidagi sakkizinchi qishki Olimpiada bo‘ldi. Bungacha u rekordni rossiyalik chanachi Albert Demchenko bilan bo‘lishayotgandi. 7 ta qishki Olimpiada ishtirokchisi Demchenko hozirda faoliyatini yakunlagan.

Yaponiyalik Olimpiadalardagi ilk ishtirokini 1992 yilda Fransiyadagi Albervillda boshlagan. U o‘shanda medalsiz qolgan, biroq ikki yildan keyin Norvegiyadagi Lilexammerda jamoa tarkibida kumush medalni qo‘lga kiritgan. U, shuningdek, 2014 yilgi Olimpiadada indvidiual musobaqada kumush medal, jamoaviy musobaqada esa bronza medal sohibi bo‘lgan. 

Kasay saralash bosqichida 20-natijani ko‘rsatib, final bosqichga chiqa oldi.

Yozgi Olimpiadalarda ishtirok bo‘yicha kanadalik Ian Millar (ot sporti) rekordchi hisoblanadi. U 10 ta Olimpiadada ishtirok etgan.

2018 yilgi Olimpiada rasman ertaga, 9 fevralda start oladi. Ilk medallar 10 fevralda o‘ynaladi. 

Ko‘proq yangiliklar: