Pyongchangdagi Olimpiada 1994 yildan keyingi eng sovug‘i bo‘lishi mumkin 

Sport 10:25 / 07.02.2018 7763

Janubiy Koreyaning Pyongchangida o‘tadigan 2018 yilgi qishki Olimpiada Lillexammerdagi 1994 yilgi qishki Olimpiadadan keyin eng sovug‘i bo‘lishi mumkin. O‘shanda Olimpiada ochilishi marosimi 12 daraja sovuqda o‘tgan.  

Shu kunlarda Pyongchangda sovuq havo hukm surmoqda, tunlari havo harorati 21 daraja sovuqqacha tushmoqda. 35 ming kishi tashrif buyurishi kutilayotgan Olimpiada ochilishi marosimi mahalliy vaqt bilan soat 20 da boshlanadi va 3 soat davom etadi.

Ko‘p davlatlar o‘z sportchilari sog‘lig‘idan xavotirlanib, ularga marosimga bormaslikni tavsiya qilishmoqda, tomoshabinlar esa o‘z chiptalarini qaytarib bermoqdalar.

Olimpiada tashkilotchilari ba'zi tomoshabinlar ochilish marosimining repetitsiya vaqtida sovuqqa dosh berolmay, tribunalarni barvaqt tark etganlarini tan olishdi.

Biroq ular tomoshabinlar uchun qulay bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘rishga va'da berishmoqda. Jumladan, ochilish marosimida tomoshabinlarga sovuq havo uchun mo‘ljallangan maxsus to‘plam: adyollar va qo‘llar uchun kichik isitgichlar beriladi.

Shuningdek, ob-havo sharoiti tramplindan sakrash kabi ba'zi sport turlarining o‘tkazilishiga xalaqit qilishi mumkin. Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi kuchli shamolga qarshi yordam berishi kerak bo‘lgan maxsus ekranlar o‘rnatmoqda. Biroq shunga ham qaramay, yomon ob-havo sharoiti “o‘zinikini aytsa”, sportchilar musobaqaga qo‘yilmasliklari mumkin. Bunda musobaqalar o‘tkazilishi bo‘yicha qarorni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va federatsiyalar qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: