Maqola izidan: Yosh chorvador fermer murojaati ijobiy hal bo‘ldi

Jamiyat 22:20 / 06.02.2018 19904

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning noyabr oyida Namangan viloyati, Chortoq tumanida faoliyat olib borayotgan  “Sherzod nasldor chorvador” chorvachilik fermer xo‘jaligi  tomonidan qilingan murojaat bo‘yicha saytimizda “Chortoq tumani hokimiga chorvachilik begona sohami?” nomli tahliliy-tanqidiy maqola berilgan edi. Unda, yosh tadbirkor fermer Sherzodbek Kamalovning 100 bosh naslli qoramoliga yem-ozuqa bazasini yaratish uchun berilgan ekin maydoni olib qo‘yilgani yoritilgandi.

Mazkur maqola ijtimoiy tarmoq va keng jamoatchilik o‘rtasida ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Oradan uch oy o‘tib, maqoladan so‘ng chorvachilik fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq muammo qanday hal bo‘lgani bilan tanishish maqsadida Chortoq tumaniga yana yo‘l oldik.

Tuman hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari va boshqa mas'ul shaxslar “Sherzod nasldor chorvador” xo‘jaligi bilan bog‘liq holat bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirishdi.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng, Namangan viloyati hokimligi topshirig‘i bilan tuman hokimligi tomonidan sohaga aloqador bir qator tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan va muammoli holat atroflicha o‘rganib chiqilgan. 

Ishchi guruh “Sherzod nasldor chorvador” xo‘jaligidagi mavjud qoramollar boshini hisobga olgan holda, me'yoriy hujjatlarga asoslanib, xo‘jalikka yem-ozuqa yetishtirish uchun 12 gektar yer maydoni ajratish bo‘yicha tuman hokimiga o‘z  xulosasini bergan.

Hokimlik mutasaddilari chorvador fermerga yer maydoni ajratilishi masalasi tuman xalq deputatlari Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga qo‘yilganini bildirishdi.

Chortoq tumanida hozirda 11 ta chorvachilik va naslchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi bor. Ularda 2300 boshdan ziyod qoramol boqilyapti. Tuman hududida tog‘ va adirliklar borligi  bois  chorvachilikni rivojlantirish uchun juda yaxshi muhit mavjud. Shundan bo‘lsa kerak, tuman hududida go‘shtning narxi boshqa joylarga nisbatan sezilarli darajada arzon. Tumanda chorvachilik xo‘jaliklariga yem-ozuqa yetishtirish uchun jami 374 gektar yer maydoni ajratilgan.

Chortoq tumani hokimi Oybek Haydarov bilan bo‘lgan suhbat davomida, mutasaddi   “Sherzod nasldor chorvador” xo‘jaligiga yer maydoni ajratilishi ijobiy hal bo‘lganligini bildirdi. Shuningdek, Oybek Haydarov yosh chorvador Sherzod Kamalov o‘zida ishlab chiqarilayotgan sutni qayta ishlash korxonasi qurish uchun ham amaliy yordam so‘ragani va bu masala ham tez kunlarda yakuniga yetishini aytdi.

“Tumanimizda  faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun doim eshigimiz ochiq. Ulardan tushayotgan har qanday murojaat bee'tibor qolmaydi. 180 ming aholi yashaydigan tumanimizda ishlab chiqarish korxonalari rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi bugungi kunning eng dolzarb vazifasi”, dedi Oybek Haydarov.

30 yanvar kuni Chortoq tuman xalq deputatlari Kengashining sessiyasida “Sherzod nasldor chorvador” xo‘jaligiga ekin uchun 12 gektar yer maydoni ajratilishi masalasi kun tartibiga qo‘yilib, ijobiy yakun topibdi.

Xulosa qilib, shuni aytmoqchimizki, bugungi kun tadbirkoriga sharoit yaratib, ko‘mak berish bu – o‘sha joydagi rivojlanish va xalq farovonligini oshishiga qilingan harakatdir. Mutasaddilarimizning asosiy vazifasi ham shundan iborat. Ular mana shu jihatni unutmasalar bo‘lgani...

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: