Shohjahon Ergashev yangi reytingda keskin yuqoriladi

Sport 12:47 / 04.02.2018 45841

Professional boksning super yengil (63,5 kg.gacha) vazn toifasida musobaqalarda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev jahon boks assotsiatsiyasi WBAning fevral oyidagi yangi reytingida kuchli 15 sportchi safidan o‘rin oldi.

Tashkilot rasmiy sayti tomonidan e'lon qilingan fevral oyi uchun reytingda Shohjahon Ergashev juda katta o‘sishga erishgan va bir yo‘la 12-pog‘onadan o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, Shohjahon bunday yuqorilashiga uning yanvar oyidagi reytingda 8-o‘rinda borayotgan Sonni Fredriksson ustidan qozonilgan g‘alabasi sabab bo‘ldi. Oldinroq sportchining o‘zi taxminan 5-8 o‘rinlarga ko‘tarilishini kutayotgani haqida gapirib o‘tgandi.

WBA barcha vazn toifalarida faqat kuchli 15talik sportchilar reytingini e'lon qilib boradi va endilikda ushbu yo‘nalishda TOP-15likka kirgan o‘zbekistonlik bokschilar soni ikki nafarga yetgan. Bungacha yarim o‘rta (66,68 kg.gacha) vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan yo‘nalishning kumush kamari egasi bo‘lgan Qudratillo Abduqahhorovgina bu reytingda bor edi. Yanvarda reytingda 5-o‘rinda bo‘lgan Abduqahhorov bu safar bir o‘rin pastlab 6-o‘ringa tushgan. Biroq u hamon chempionlikka da'vogarlik jangini o‘tkazish huquqiga ega bo‘lib turibdi. Oldinroq, Abduqahhorov filippinlik Menni Pakyao bilan (reytingda 2-o‘ringa ko‘tarildi) ringga chiqishi mumkinligi aytilgandi.

Ergashevdan farqli ravishda Abduqahhorov WBC reytingida 5-pog‘onada, IBF yo‘nalishi reytingida esa 8-o‘rinda bormoqda va da'vogarlik jangida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib turibdi. Ergashev esa WBC e'lon qilgan TOP-50lik, IBF e'lon qilgan TOP-15lik reytinglarda qayd etilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: