Zulmatda yetti yil: mutasaddilarni bu hududdagi holat qiziqtirmaganmi?

Jamiyat 10:51 / 03.02.2018 53344

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Obiravon QFY hududida yashab kelayotgan o‘n oltita xo‘jalik qariyb yetti yildirki elektr tokidan bebahra. Aholi ushbu masalada mutasaddi tashkilotlarga ko‘p bor murojaat qilib ko‘rgan. Lekin hech qanday natija chiqmagan.

Ushbu hududda yashovchi yoshi saksonni qoralab qolgan Nurmamat bobo Mengliyev shunday deydi:

— Bu yerlarni yetti yil oldin tuman kadastr bo‘limidan kelib, aholiga yashash uchun yer maydoni sifatida 6 sotixdan bo‘lib berishgandi. Hujjatlari va kim oshdi savdosi uchun deb ikki yuz mingdan pul ham berganmiz. Hamma hujjatlarini o‘zimiz qilamiz deyishgani uchun hujjat ishlarini unutib, uy-joy qurib yashay boshladik. So‘ngra elektr toki masalasida tuman elektr korxonasiga murojaat qilganimizda esa, ular “hujjatsiz uylarni elektr toki bilan ta'minlay olmaymiz”, deyishdi. Bu masalada tuman kadastr bo‘limiga borsak, ular hokimiyatga jo‘natishdi, hokimiyat esa kadastrga borishni maslahat beradi. Xullas otangga bor, onangga bor bilan yetti yildirki zulmatda hayot kechirayapmiz. Hozirda barcha uylarning kadastr hujjatlari deyarli hal bo‘lgan, lekin hamon elektrdan darak yo‘q.

Foto: Qashqadaryo ziyokori

Ushbu hududda yashovchi Zafar Buxorov ham bu masalada kuyinchaklik bilan gapiradi.

— Bu mahalla yangi tashkil etilganligi bois ko‘pi yosh xo‘jaliklardan iborat. Biz yoshlar zamon bilan hamnafas bo‘lish, bugungi bo‘layotgan yangiliklardan doimo xabardor bo‘lib borishni istaymiz, lekin elektr tokisiz buning sira iloji yo‘q. Xuddi dunyodan uzilib qolganday yashaymiz. Elektr yetib kelgan qishloq bizdan nari borsa besh yuz metr masofada joylashgan. Prezidentimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida oldingidek elektrni tejash, o‘chirib qo‘yishlar bo‘lmayapti. Ular xohlagan paytida televizor ko‘rishi, kompyuterdan foydalanishi va eng muhimi, tunlari yop-yorug‘ uylarda o‘tirish imkoniyatiga ega. Ularga rosa havasimiz keladi. Oralig‘imizdagi masofa besh yuz metr bo‘lsa-da, sharoitimiz ellik yil ortda qolganday his etamiz o‘zimizni. Bu masalada ko‘p joylarga murojaat etib hafsalamiz pir bo‘lgan. Yurtimizda yoshlar ittifoqi tashkil etilib, yoshlarni qiynayotgan ko‘plab muammolarni hal etishyapti, yoshlarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berishayapti, deb eshityapmiz. Mana, bizning qishloqqa ham kelishsin, muammolarimiz bilan qiziqishsin. Qishloq aholisining to‘qson foizini yoshlar tashkil etadi. Biz yoshlar ittifoqining ko‘magiga muhtojmiz. Bizga ko‘mak berishsin. Amaliy yordam ko‘rsatishsin.

Darhaqiqat butun dunyo taraqqiyotga yuz tutgan zamonda elektr tokisiz yashashni tasavvur qilish qiyin, albatta. Sababi barcha zamonaviy texnikalar, yoritish va isitish jihozlari, maishiy texnikalar elektr toki bilan ishlaydi. Televizor ko‘rmaslik, yangiliklar, yutuq va kamchiliklarimizdan mutlaqo xabarsiz yurish, dazmol bosilmagan g‘ijim kiyimlarni kiyib yurish bugungi kun kishisiga yot holat albatta. Shunday ekan bu kabi holatlarni e'tibordan chetda qoldirish yaxshi emas. O‘ylaymizki, tuman mutasaddilari bu muammolarga, albatta, e'tibor qaratishadi va aholini qiynab kelayotgan masalalar o‘z yechimini topadi.

Foto: Qashqadaryo ziyokori

28 yanvar kuni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik faollar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ham aynan Dehqonobod tumanidagi iqtisodiy va ijtimoiy holatga alohida to‘xtalib o‘tgan va mutasaddi rahbarlarga alohida ko‘rsatmalar bergan edi.

Ko‘proq yangiliklar: