Amerikaning AT&T uyali operatori 2018 yilning oxiriga qadar AQShning 12 shahrida 5G texnologiyasini to‘laqonli ishga tushirish rejalari haqida e'lon qildi. Biznes uchun esa tarmoq imkoniyatlari undan oldinroq yo‘lga qo‘yiladi: kompaniya 5G tarmoqlaridan qanday foydalanish mumkinligini ko‘rsatish borasida boshqa tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
AT&T vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 5G standarti bo‘yicha aloqa nafaqat internet tezligini oshiradi, balki ping (foydalanuvchi so‘rovidan to ma'lumotlar uzatishgacha bo‘lgan vaqt)ni ham sezilarli darajada kamaytiradi. Bu real vaqt kesimida tahlilni qo‘llovchi hamda boshqa qurilmalar (masalan, haydovchisiz avtomobillar) bilan ma'lumot almashuvchi qurilmalarga faolroq rivojlanish imkonini beradi.
"Biz 5G kelajak texnologiyalari haydovchisiz avtomobillarga real vaqt kesimida faqat bortdagi sensorlar bilan cheklanib qolmagan qarorlar qabul qilish imkonini berishiga umid qilmoqdamiz. Mashinalar binolar burchagini "ko‘zdan kechirishi", boshqa avtomobillar orti va yanada uzoq masofalarni ko‘ra oladi. Bu mashinalarga atrofni tezroq anglash va yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash imkonini beradi".
AT&T matbuot xizmati
Kompaniyada texnologiyani ishga tushirishga doir e'lon 5G standarti (to‘liq nomi — Non-Standalone 5G New Radio)ning yaqinda 3GPP tashkiloti tomonidan qabul qilingan birinchi, oraliq spetsifikatsiyasi bilan izohlandi. Bu chiplar yaratish, tarmoqlarni ishga tushirish va kelgusida standartni takomillashtirish imkonini beradi. Ishlanmada ishtirok etgan ba'zi kompaniyalar ham imkon qadar tezroq 5G tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida ma'lum qildi — masalan, China Telecom 2018 yilning o‘zidayoq Xitoy shaharlarida test o‘tkazmoqchi, China Mobile esa 2020 yilda tijorat tarmoqlarini ishga tushirish niyatida. Yana bir amerikalik operator - Verizon 2018 yilda AQShning 3-5 shahrida 5G tijorat tarmoqlarini ishga tushirmoqchi ekani haqida e'lon qildi, eng birinchisi Kaliforniya shtatidagi Sakramento shahri bo‘lishi kutilmoqda.