Boxing Day - 170 yillik futbol «tegirmoni»!

Sport 15:20 / 26.12.2017 14645

Bugun Angliya Premer-Ligasida «Boxing Day». Nafaqat Premer-Liga, balki Angliyaning barcha professional ligalaridagi jamoalar navbatdagi tur o‘yinlarini o‘tkazishadi. Bu kunda futbol o‘ynash Angliyada odat tusiga kirgan, har yilning so‘nggi haftasiga APL bir emas, bir nechta tur o‘yinlarini sig‘dirib, muxlislarga o‘ziga xos bayram sovg‘a qiladi.

Foto: Twitter

BOXING EMAS, BOX
Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir nechta tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan. 

Aslida bu terminning ildizi Boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayraming ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berganlar va ularga qutida sovg‘a berishgan. Bu kunni alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a ulashishga odatlanishdi. 

Bir nechta sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda futbol o‘yinlarini o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham, ko‘pincha chempionatning 18-19 turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir. 

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing Dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar orqama-orqa o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda mana shu atama bilan nomlashlari tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtai nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.   

FUTBOL BILAN TeNGDOSh BOXING DAY
Yana bir qiziq tarafi futboldagi Boxing Day tushunchasi, qaysidir ma'noda futbol o‘yini bilan ham tengdoshdir. 1860 yilning aynan 26 dekabrida futbol tarixida ilk futbol uchrashuvi sifatida qayd etish mumkin bo‘lgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. 

1855 yilda «Sheffild» Kriket jamoasi a'zolari futbol to‘garagini tashkil qilishadi, biroz o‘tib esa, futbol tarixidagi ilk futbol klubi – FK «Sheffild» tashkil topadi. Avvaliga jamoa a'zolari faqat o‘zaro o‘ynab yurishdi. Doim qandaydir asosda futbolchilar ikkiga bo‘linar, goh bo‘ydoqlarga uylanganlar, goh malla sochlilarga qora sochlilar kuch sinashishardi.

Foto: Twitter

1860 yilning sentabrida Sheffild yaqinida yana bir futbol klubi «Hallam» tashkil etildi. Jamoalar  Christmas ning ertasiga o‘zaro o‘yin o‘tkazishni kelishdilar. Shu tariqa futbol tarixidagi eng ko‘hna derbi – Rules derbisi tashkil topdi. Uchrashuvda tajribaliroq «Sheffild» futbolchilari 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. 

O‘sha o‘yin bo‘lib o‘tgan «Sandigeyt Graund» stadioni hali ham mavjud. Jamoalar esa, Angliyaning sakkizinchi va o‘ninchi divizionlarda ishtirokini davom ettirib kelmoqda. Bundan uch yil oldin kubok o‘yinida bu jamoalar o‘zaro to‘qnash kelishdi va kelajakda yana bunday o‘yinlar bo‘lishidan umidvorlar. Angliyada futbolning tubi naqadar chuqur ekanini his qilib borasan kishi...

UNUTILMAS O‘YINLAR
Avvallari, mana shu bayram kunlari muxlislarning u shahardan bunisiga safar qilib yurmasliklarini e'tiborga olib, tashkilotchilar bu kunga derbi o‘yinlarni belgilashga harakat qilishardi. 

Foto: Twitter

Ayniqsa, 1979 yilda Angliyaning uchinchi divizionida bo‘lib o‘tgan «Sheffild Uensdey» va «Sheffild Yunayted» o‘rtasidagi o‘yin tarixga kirgan. Bu o‘yinga 49 ming muxlis tashrif buyurgandi – uchinchi divizion uchun haligacha rekord ko‘rsatkich bo‘lib kelmoqda. 

1963 yilda bo‘lib o‘tgan Boxing Day esa, boshqa tarafdan yodda qolgan. O‘sha kuni o‘tkazilgan 10 uchrashuvda hammasi bo‘lib 66 gol urilgandi. O‘sha kuni futbol ishqibozlari 3 poker, 3 xet trik, 8 dubl va 4 qizil kartochkaning guvohi bo‘ldilar. «Fulhem» «Ipsvich»ni 10:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, «Vest Hem» – «Blekbyorn» o‘yini esa, 8:2 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi. «Byornli» «Manchester Yunayted» ustidan 6:1 hisobida g‘alaba qozondi – qizig‘i, bu jamoalar bugun «Old Trafford»da kuch sinashadi.

Foto: Twitter

ROSTAN HAM HAL QILUVChI BOSQIChMI?
Mavsum boshida qaysi jamoa har qancha ustunligini namoyish qilmasin, autsayderlar har qanday og‘ir ahvolga tushib qolishmasin, jurnalistlar va tahlilchilar «hammasi Boksing dey»larda hal bo‘ladi, deyishni yaxshi ko‘radilar. 

Umuman olganda, bu o‘yinlarning boshqa turlardan alohida farqlanib turadigan jihati yo‘q. Masalan so‘nggi ikki yilda shu davrga kelib turnir jadvalini boshqarib turgan jamoalar o‘n kunlikda yuz foizlik natija qayd etganini ta'kidlash joiz. Top klublar boshqa turlarda ham ochko yo‘qotishadi, faqat aynan shu kunlardagi yo‘qotishlarga alohida tus beriladi xolos.

Aksincha, agar top-klublar bu turlarga strategik yondosha olishsa, boshqa klublarga nisbatan ustunroq holatda bo‘lishlari mumkinligini aytish kerakdir, balki. Chunki yuqorida aytilganidek, 10 kunda 4 tur o‘tkaziladi. Tarkibning boyligi va zaxira o‘yinchilarining saviyasi jihatidan yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lgan top-klublar bu o‘yinlarda rotatsiyani ko‘paytirishlari va shu orqali tarkibdagi charchoqni 11 emas, 20 o‘yinchiga bo‘lib yuborishlari mumknn. O‘rtamiyona va autsayderlar esa, bunday qila olishmaydi. Ularda 2-3 futbolchining zaxirada qoldirilishi yo maydonda tusha olmasligi o‘yin sifatiga keskin ta'sir qilishini ko‘ramiz. 

Boshqa tarafdan, aynan shu jihat ularga qo‘l ham keladi. Chunki, bu faktorni hamma biladi va ko‘pchilik ulardan mana shu turlarni yo‘qotishsiz o‘tkazishni kutmaydi ham. Bosim nuqtai nazaridan katta klublar ehtiyotkor yondashishlari kerakligi ham haq gap.  

Foto: Twitter

BIZNI KUTAYoTGAN O‘YINLAR

Demak, bugun APL da 20-tur o‘yinlari bo‘lsa, kelasi dushanbada 22-tur boshlanayotgan bo‘ladi. Ya'ni olti kunda jamoalar uch martadan maydonga tushishga majburlar. 

Boxing Day soat 17:30 da «Tottenhem» – «Sauthempton» to‘qnashuvi bilan boshlanadi. Keyin esa, 20:00 da birdaniga 6 juftlik o‘zaro kuch sinashadilar. Xususan «Chelsi» «Brayton»ni, «Manchester Yunayted» «Byornli»ni qabul qiladi. Kun «Liverpul» – «Suonsi» o‘yini bilan nihoyasiga yetadi. 

Ertaga, 27 dekabrdan 28 dekabrga o‘tar kechasi turnir peshqadami «Manchester Siti» Nyukaslga safar qiladi. Bir kun o‘tib, shu vaqtda ushbu turdan o‘rin olgan London derbisida «Kristal Pelas» va «Arsenal» maydonga tushadilar.   

21-22 turlardagi e'tiborga molik uchrashuvlar esa, quyidagicha:

21-TUR
30 dekabr, shanba: «Chelsi» – «Stok Siti» (20:00), «Liverpul» – «Lester» (20:00), «Manchester Yunayted» – «Sauthempton» (22:30)
31 dekabr, yakshanba: «Kristal Pelas» – «Manchester Siti» (17:00), «Vest Bromvich» – «Arsenal» (21:30)

22-TUR
1 yanvar, dushanba: «Byornli» – «Liverpul» (20:00), «Everton» – «Manchester Yunayted» (22:30), 
2 yanvar, seshanba: «Suonsi» – «Tottenhem (00:45), «Manchester Siti» – «Uotford» (01:00)
3 yanvar, chorshanba: «Arsenal» – «Chelsi» (00:45)

Qahramon Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: