Boksing Dey hangomalari: «Chelsi»ni rosa ezyapmiz shekilli...»

Sport 19:50 / 26.12.2017 16191

25 dekabr kuni Angliya Rojdestvoni nishonladi va yana futbol o‘ynashga tayyor. Bir asrdan ziyod vaqt davomida bu kunda futbol o‘ynab kelgan inglizlarda tabiiyki, maydondagi vaziyatlardan tashqari ajoyib voqealarning guvohiga aylanishgan.

Misol uchun, Piter Krauch jamoasi bilan «Haddersfild»ga safar qiladi, demak ertaroq yo‘lga otlanishi kerak. Ammo uning aytishicha, xotini, taniqli model Ebbi Klensi eriga bayram dasturxoni tayyorlab berishni rad etibdi.

«Men xotinimga ertaroq tushlik qilishni taklif qildim, ammo bu gapim unga yoqmadi. Men bayram kuni ertalab soat to‘qqizda turib, senga kartoshka tozalab berishimni kutsang, adashasan, dedi u. Ilk uchrashgan paytlarimizda u yuvoshroq edi. Hozir boshqacha. Xullas, ertalab sovg‘alar, nonushta, tamom, men o‘yinga ketaman», – dedi hujumchi.

Bu hali holvasi. Qo‘yidagi ajoyib hikoyalar sizga bayram kayfiyati va futbol, buning ustiga qishning sovug‘i birgalikda «Manchester Siti»ning hujumlaridan ham chiroyliroq kombinatsiyalarni tashkil eta olishiga isbotdir.    

Tumanda darvozabon yo‘qolib qoldi

twitter.com/OfficialClancy

Sarlavha bozorda «oyim yo‘qolib qoldi» deb yig‘laydigan qizaloq haqidagi latifani esga solsa-da, bu voqea haqiqatan ham sodir bo‘lgan.

«Charlton» tarixidagi buyuk darvozabonlardan biri Sem Bartrem degani bo‘lgan. U hatto o‘z to‘yini o‘yin kuniga belgilagan. To‘y orasida «Midlsbro»ga qarshi o‘yinga borib, darvozani gollardan saqlab, yana kelinning oldiga qaytib kelgan ekan.

1937 yilning «Rojdestvo»sida esa yanada kulgiliroq voqea sodir bo‘lgan. O‘sha kuni «Charlton» safarda «Chelsi»ga qarshi o‘ynaydi. Stadionni qalin tuman qoplab olgach, hakam o‘yinning 61-daqiqasida o‘yinni to‘xtatadi va jamoalar yechinish xonasiga yo‘l oladi. Faqat Bartrem buni bilmaydi. U hamon darvozada turishda davom etib, biror yerdan to‘p uchib kelib qolmasin deb, butun diqqatini jam qilishga urinardi. Hadeganda to‘pning va himoyachilarning ko‘rinmayotgani uni biroz o‘ylantirar, ammo boshqa tarafdan, balki jamoamiz tinmasdan hujum qilayotgandir, degan fikr uni xotirjam qilardi.  

«Menimcha, sheriklarim «Chelsi»ni jarima maydoniga qamab tashlashgandir, deb xursand bo‘la boshladim. Sovqotib qolmaslik uchun turgan joyimda chigalyozdini to‘xtatmasdim. Lekin himoyachilar o‘z joyiga qaytmayotganidek, demak hali gol ham urmayapmiz shekilli, bo‘lmasa, maydon markazidan boshlash uchun qaytishardi, deb xafa bo‘lib ham qo‘yaman. Bir ikki marta jarima maydoni tashqarisiga ham chiqib ko‘rdim, hamon hech kim ko‘rinmasdi. «Chelsi»ni yaxshigina qiynayapmizov, deb o‘yladim ichimda. Ancha o‘tib, oldimda bir sharpa paydo bo‘ldi. Politsiyachi ekan. «Nima qilib yuribsiz bu yerda? O‘yinni to‘xtatishganiga o‘n besh daqiqa bo‘ldi, maydonda hech kim qolmadi» – dedi u. Men ham yechinish xonasiga kirganimda, allaqachon dushga kirib chiqqan «Charlton»dagi sheriklarim o‘zlarini kulgidan to‘xtata olishmadi» – deb eslaydi Bartrem o‘z avtobiografiyasida. 

«Villa Park» tomidagi taqdir

Gettyimages.ru/Terry Fincher/Keystone

«Nimadir noto‘g‘ri bo‘lganini aynan qachon anglaganim yodimda yo‘q. Juda qorong‘u edi va shamol esib turardi. Oxiri nima bo‘lganini hamma biladi» – deb yozgandi Buyuk Britaniya havo qo‘shinlari serjanti Nayjyel Rogoff.

1998 yilning 13 dekabrida taqdir shamoli Rogoffni butunlay boshqa tarafga uchirib ketgan edi.

«Aston Villa» o‘z maydonida «Arsenal»ni qabul qilmoqda. Bayram oldi muxlislarni xursand qilishning nimasi yomon? Tanaffus paytida tajribali parashyutchilar guruhi Santa Klaus kiyimida stadionga uchib kelishlari kerak edi.

Qorong‘u osmondan Nayjyelning paydo bo‘lganini hamma ko‘rdi. Ammo kutilmaganda, shamol kuchayib, uni stadion tomiga olib kelib urdi.

U yerga yiqildi. Neyjyelning tizzalari ochilib ketgan, juda ko‘p qon yo‘qotgandi. Rogoff uch haftadan so‘nggina o‘ziga keldi. O‘sha mash'um oqshomda esa, unga 177 kishi qon bergandi – Birminhem kasalxonasining butun qon zaxirasi Neyjyelga ketgandi.

«Men umrimda hech qachon qon bermagan edim. O‘sha kuni esa, 177 kishi menga qon berdi va hayotga qaytishimga yordam berdi» – deb eslaydi Rogoff. 

Ammo qahramonimiz bir tizzasini «Villa Park» tomiga «tashlab kelgandi». Shifokorlarning amputatsiya qilish taklifiga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmadi.

Shu holatda ham parashyutchi o‘zini harbiylarga xos tarzda tutgani tahsinga sazovor. Hatto o‘sha voqea uchun o‘zini aybdor his qilardi: «Shundoq yonginamda yosh bolalar bor edi, ularning oldida juda uyatli ish bo‘ldi. Ular bayram kuni futbol tomosha qilgani kelib, tomga urilayotgan qorboboni ko‘rishdi. Ayniqsa o‘sha bolalardan uzr so‘rayman».

Taqdir haqida aytdik-ku, o‘sha joyi endi keladi. Tiklanish markazida unga Sara ismli hamshira yoqib qoladi. Oradan yilar o‘tib, Rogoff o‘sha qiz bilan tanishuvning qanchalik muhim bo‘lganini tan olgandi.

«Men o‘z oyoqlarimdan ayrilgach, buyog‘iga qanday yashar ekanman, deb o‘ylardim. Ammo yakunda taqdirning barcha detallari birlashib, yagona surat paydo bo‘ldi. Bu taqdirning o‘yiniga juda o‘xshardi» – deb eslaydi u.

Nayjyel va Sara bir-birlarini sevib qolishdi va egizak farzandlar tug‘ildi.

... va Balotelli

Clive Brunskill/Allsport, Michael Regan

Bu voqea keyinchalik o‘z isbotini topmagan, lekin inkor ham qilinmagan. Voqea qahramoni Mario bo‘lgach, ishonish u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydi.

2011 yilning dekabrida Balotelli ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘ldi. Tvitterda tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, «Manchester Siti» hujumchisi Santa Klaus kiyimini kiyib olib, Manchester bo‘ylab o‘z mashinasida sayrga chiqqan va ora-sira to‘xtab, uchraganlarga pul tarqatgan ekan.

Sports.ru materiali asosida

Ko‘proq yangiliklar: