Qandli diabetdan aziyat chekuvchi kishilar qondagi glyukoza miqdorini muntazam ravishda o‘lchab yurishlariga to‘g‘ri keladi. Buning uchun ular o‘zlari bilan doim glyukometr olib yurishlari zarur, bu esa biroz noqulaylik tug‘diradi. San-Diyego Universiteti tadqiqotchilari glyukometrni smartfonga integratsiyalash muammoni hal qiladi, degan qarorga kelishdi, zero smartfon - doim qo‘l ostimda. Shu bilan birga, telefon boshqa an'anaviy jihozlardan farqli o‘laroq, qand miqdori haqidagi ma'lumotlarni "bulut"da saqlashi, uni qayta ishlashi va hatto shifokorga yo‘llashi ham mumkin, deyiladi Science Daily'da.
Mazkur qurilma nomi GPhone deb ataladi va u glyukoza miqdorini kuzatish bo‘yicha yangi kontseptual tizimni namoyish etadi. U ikki qismdan iborat. Birinchisi — bir burchagida datchik o‘rnatilgan smartfon g‘ilofi. U 3D-bosma texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan. Ikkinchi qismi maxsus fermentni o‘z ichiga olgan va datchikka magnit bilan mahkamlangan bir martalik mitti granulalardan iborat. G‘ilofga biriktirilgan hamda printerda chop etilgan stilus ichida 30 granula joylangan.
Foydalanuvchi testni boshlash uchun datchikni faollashtirishi kerak, buning uchun esa unga granulani qo‘yish kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng unga qon namunasini joylash lozim. Datchik glyukoza miqdorini aniqlab, Bluetooth yordamida ma'lumotlarni smartfon ekranida namoyish etadi. Test taxminan 20 soniya vaqtni oladi. Bosma platalar tufayli tizim smartfon akkumulyatorida ishlaydi.
Granulalar glyukozooksidaz nomini olgan fermentga ega. Uning glyukoza bilan reaksiyasini datchik elektrodlari bilan o‘lchanuvchi elektrik signal hosil qiladi, u qanchalik kuchli bo‘lsa, qand miqdori shuncha yuqori bo‘ladi. Test natijalari texnologiyaning yuqori darajada aniqligini ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilarning navbatdagi maqsadi — glyukometrni g‘ilofga emas, bevosita smartfonga o‘rnatish. Jamoa mazkur texnologiyani kelgusida boshqa moddalarni aniqlash, shuningdek tibbiyotdan boshqa sohalarda ham qo‘llash mumkinligiga umid qilmoqda. Bunga faqat uning narxi to‘sqinlik qilishi mumkin: datchik va bosma elementlar arzon bo‘lsa-da, granulalarning ferment bilan ta'minlanishi ancha qimmatga tushishi mumkin.
GPhone diabetga chalingan kishilarga yaqindan yordam beradi va ehtimol, tez orada biz bu kasallikni to‘liq davolashga muvaffaq bo‘larmiz. Har holda, 2-turdagi diabetga nisbatan shunday taxminlar ilgari surilmoqda: tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, 2-turdagi diabetni parhez va vaznni kamaytirish yordamida mag‘lub qilish mumkin.