Fotoapparat diafragmasi kabi ishlaydigan tom barpo etildi

Fan-texnika 18:57 / 26.11.2017 10556

Amerikaning Atlanta shahrida 2014 yildan beri Mercedes-Benz Stadium o‘yingohi barpo qilinmoqda. Shu kunlarda noodatiy va dunyoda o‘ziga xosligi bo‘yicha yagona bo‘lgan «bargli» tom sinovdan o‘tkazildi. U fotoapparat diafragmasi kabi yopiladi. Muhandis-ekspertlarning fikricha, bu tom mutlaq fantastik konstruksiya hisoblanadi. Bunga qadar hech kim uni bunday ulkan o‘lchovda barpo qilishning uddasidan chiqa olmagan. 

O‘yin maydonidan 104 metr balandlikda o‘rnatilgan bo‘lib, 27500 tonna po‘latdan yasalgan. Uning barglarining og‘irligi 3500 tonnani tashkil etadi. Tomning o‘zi texnologik kuchi va mukammaligi bilan kishida ajoyib taassurot qoldiradi. Uning konstruksiyasi aylana harakat bilan yopilayotganidek tuyulsa-da, aslida optik illyuziyadir. Uning har bir «bargi» — alohida element bo‘lib, u bir-biridan mustaqil ravishda 61 metrlik relslarda oldinga va orqaga harakatlanadi, xolos. 

Uning harakatlanuvchi konstruksiyalari mexanizatsiyalashgan «aravachalar» bilan jihozlangan bo‘lib, ular bargchalarni ichki rels bo‘ylab harakatga keltiradi. Ular tashqi tomondan yo‘naltiruvchi g‘ildirakli mexanizmlarga mustahkamlangan. Bargli qismlar markazda birlashib, o‘zaro birlashadi va suv o‘tkazmaydigan tomni hosil qiladi. 437 tonnalik barglarning har biriga o‘ziga xos, juda mustahkam, ammo yengil, shaffof va ultrabinafsha nurlarga chidamli material – termoplastik ftorpolimerdan yasalgan uch qavatli ETFE Film (etilentetraftoretilen) surilgan. 

Ushbu materialdan barglarda go‘yoki havo yostiqchalari shakllantirilgan. Umumiy hisobda, barglarga ishlov berish uchun 12541 m2 material ishlatilgan. 

Natijada tom yopilgan vaqtda yorug‘likning stadionga tushishiga to‘sqinlik qilmaydi. Ammo o‘yinchilar va futbol muxlislarini noqulay ob-havo injiqliklaridan himoya qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: