Rossiya davlat dumasi o‘zbekistonlik ishchilar haqidagi qonun loyihasini ma'qulladi

O‘zbekiston 21:23 / 25.11.2017 62150

Rossiya davlat dumasi O‘zbekiston bilan o‘zbekistonliklarning Rossiyada ish bilan ta'minlanishi haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi.

Bu haqda O‘zbekistonning bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ma'lum qilindi.  

“Kelishuvning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Rossiyaning tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligining mustahkamlanishi, ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlar rivojlanishi, ishchilar malakasini oshirish va O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududidagi mehnat faoliyatiga noqonuniy jalb qilinishlarining oldini olishga ko‘mak beradi”, deb aytilgan qonun loyihasiga tushuntirish xatida.  

Qonun loyihasidagi asosiy me'yorlar o‘zbekistonliklarni Rossiyada vaqtinchalik ishlashga tartibli qabul qilish va jalb qilish bo‘yicha ikki davlatning mutasaddi idoralarining hamkorligi tartibi va shartlarini belgilashga qaratilgan.   

Hujjatda shuningdek o‘zbekistonliklarning Rossiyada vaqtinchalik ishlashlari uchun kompleks tayyorgarlikni O‘zbekistonda o‘tash imkoniyati ko‘zda tutiladi. 

Kelishuv bilan Rossiyada ishlovchi o‘zbekistonliklarning asosiy huquqlari belgilanadi. Jumladan, o‘zbekistonliklarning Rossiya qonunchiligiga mos ravishda mehnat qilish, dam olish va ijtimoiy sug‘urtaga ega bo‘lishga haqliklari, pensiya ta'minoti ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: