Dunyoni o‘zgartiruvchi 5 texnologiya haqida

Fan-texnika 11:40 / 16.11.2017 28207

Amerikaning The New York Times nashri yaqin orada turmushni ilmiy-fantastika filmlaridagi kabi tubdan o‘zgartirib yuboradigan yangi texnologiyalar ro‘yxatini tuzib chiqdi. 

1. Sog‘liqni saqlash sohasida sun'iy intellekt

Neyrotarmoqlar tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida haqiqiy inqilob yasashi mumkin. Chuqur o‘rgatish sun'iy intellektni MRT va rentgen suratlari orqali bemorga tashxis qo‘yadigan darajaga olib chiqadi. Masalan, neyrotarmoq millionlab retinal suratlarni tahlil qilib, diabetik ko‘zi ojizlikning dastlabki bosqichini aniqlaydi. U kompyuter tomografiya suratlarini ko‘rib chiqib, o‘pka saratoniga tashxis qo‘ya oladi. Bunday texnologiyalar malakali shifokorlar yetishmaydigan mintaqalar uchun juda zarur. Xususan, Google kompaniyasi Hindistonning ikki shifoxonasida sinov dasturlarini ishga tushirmoqda. Infervision startapi esa Xitoyda faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, tez orada sun'iy intellekt farmatsevtlarga yordamga kelib, turli dori-darmonlar ixtiro qilishga yordam beradi va ularning inson tanasiga ta'sirini o‘rgatadi.
 
2. Kompyuterlar bilan muloqot

Yaqinda Vashington shtati universiteti professori Lyuk Tsettlmayyer og‘zaki nutqni tanish texnologiyasida olg‘a qadam tashlangani haqida bayonot berdi. Yaqin orada, nafaqat maxsus buyruqlarni, oddiy inson nutqini tushuna oladigan qurilmalar ishlab chiqariladi. Bu borada Google, Facebook va Microsoft kompaniyalari ancha ilgarilab ketdi. Ular yaqin kelajakda bizlarning telefonlar, avtomobillar va umuman har qanday qurilmalar bilan muloqot qilishga doir tasavvurimizni o‘zgartirib yuborishga va'da berishmoqda.
 
Replika startapi ham xuddi shunday texnologiya ustida ishlayapti. 

3. Fikrlarni o‘qish

Ayrim kompaniyalarning fikricha, kelajak ovozli buyruqlar emas, balki kompyuter bilan fikran muloqot qila olishda ekanini aytmoqda. Neurable startapi, hozirda, qahramonlarini fikr kuchi bilan boshqarish uchun elektroentsefalografiyadan foydalanish ustida bosh qotirmoqda. Albatta, har safar kompyuter bilan ishlash uchun elektrodlarni boshga mahkamlash juda ham qulay emas. Ammo Facebook fikricha, texnologiyalarni takomillashtirish va optik datchikli yanada kuchli tizimlarni ishlab chiqish mumkin. Shunday ekan, fikr kuchi yordamida 5 marta tezroq matnni kiritish mumkin bo‘ladi.
 
Ilon Mask esa, bu borada yanada ilgarilab ketdi. U chiplar yordamida miya impulslarini sanashni taklif qilmoqda. Dastavval bevosita miyaga o‘rnatiladigan chiplar imkoniyati cheklangan insonlarga yordam berishi kerak. Texnologiyalar samaradorlik ko‘rsatsa, chiplarni barcha xohlovchilarga o‘rnatish mumkin bo‘ladi.
 
4. «Uchar avtomobillar»

Kitty Hawk, Joby Aviation, Uber, Airbus va boshqa ko‘plab kompaniyalar shahar tipidagi uchar qurilmalar ustida ish olib bormoqda. Dizaynerlar har qanday shakl va o‘lchamdagi kontseptlarning suratlarini chizishmoqda. Ammo ularning prinsipi yagona: har bir haydovchi avtomobil, vertolyot va mitti samolyot gibridiga ega bo‘ladi. Albatta, uchar avtomobillarni keng qo‘llash uchun ommaviy ishlab chiqarish foyda keltirishiga sarmoyadorlarni ishontirish lozim. Turli mamlakatlar davlat avtonazorati havo harakati qoidalarini ishlab chiqishi talab etiladi.

5. Kvant kompyuterlari

Kvant kompyuterlarini ishlab chiqish bilan insoniyatning eng bosh og‘riq muammolarini hal etishga va'da berishmoqda. Yangi dorilar ishlab chiqishni tezlashtirish, moliya bozorlari va transport tizimini optimallashtirish va boshqa ko‘plab muammolarni hal etish shular jumlasidan. Hozircha, kvant kompyuteri ishlab chiqish bilan bog‘liq muammo bitta: ularni qurish juda qiyin. Ammo Google, IBM, Intel va Rigetti Computing kabi startaplar texnologiyani rivojlantirishga juda katta mablag‘ sarflamoqda. «Bu ma'lumotlarni uzatishning umuman boshqa ko‘rinishi, — deya izohlaydi Robert Sholkopf. — Bu sohadagi mavjud bilimlar — shunchaki dengizdan bir tomchi xolos».
 
Lekin aynan kvant kompyuterlar bitkoin va boshqa kriptovalyutalarni yo‘q qilishi mumkin. Sidney texnologiya universiteti olimlari shunday fikrga kelishdi. Ular tez orada blokcheyndagi mulk huquqini tasdiqlovchi raqamli imzolar asoslangan elliptik kriptografiyani buzishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: