Saudiyaning 11 shahzodasi qo‘lga olindi. Aslida gap nimada?

Jahon 00:19 / 06.11.2017 45225
Foto:Amer Hilabi / AFP / Scanpix / LETA

5 noyabr kuni Saudiya Arabistonida qirollik oilasining bir necha a'zosi hamda o‘nlab sobiq va amaldagi davlat amaldorlari qo‘lga olingani haqida ma'lum bo‘ldi. Bu ishlarning bari kuni kecha mamlakatda e'lon qilingan korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilgan. Qo‘lga olinganlardan biri — Saudiyaning eng yirik ishbilarmoni va Citigroup hammuassisi, Saudiya Arabistoniga xos bo‘lmagan liberal qarashlari bilan tanilgan Al-Valid bin Talal. Ro‘y berayotgan hodisalarning eng ko‘p tarqalgan versiyasiga ko‘ra, Saudiya taxti vorisi Muhammad bin Salmon shu yo‘l bilan o‘z hukmronligini mustahkamlaydi. "Meduza" nashri Saudiya Arabistonida nimalar sodir bo‘layotganiga doir maqolasi bilan bo‘lishdi.

Nima bo‘ldi?

Yakshanbaga o‘tar kechasi Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalari (OAV)da 11 shahzoda va o‘nlab sobiq hamda amaldagi vazirlarning qo‘lga olingani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qo‘lga olinganlarning aniq soni va ismi sharifi noma'lum, biroq saudiyalik amaldorlardan birining ta'kidlashicha, ularning orasida dunyoning eng badavlat kishilaridan biri Al-Valid bin Talal ham bor, uni sahrodagi lagerda qo‘lga olishgan.

Qo‘lga olinganlarni nimada ayblashmoqda - oxirigacha ma'lum emas, biroq aftidan gap korrupsiya haqida ketmoqda. Qo‘lga olishdan bir necha soat oldin mamlakatda qirol Salmon bin Abdulaziz Ol Saud farmoni bilan Aksilkorrupsiya qo‘mitasi tuzilgan, uni qirolning o‘g‘li, shahzoda Muhammad bin Salmon boshqaradigan bo‘ldi. Qirolning o‘zi milliy televideniyeda chiqish qilar ekan, "qonun jamiyatning puliga ko‘z olaytirgan va uni himoya qilmagan, yoki ularni o‘g‘irlagan, yo bo‘lmasa o‘z amali va ta'sirini suiste'mol qilgan har bir kishini qoralaydi", deb aytgan.

The New York Times'da xabar berilishicha, Saudiya poytaxti Ar-Riyoddagi Ritz Carlton mehmonxonasining butun  personali shanba kuni evakuatsiya qilingan; taxminlarga ko‘ra, u yerga qo‘lga olingan shahzodalar va amaldorlar joylashtirilishi mumkin. Gazeta shuningdek poytaxt apparati xususiy samolyotlarga yopiq bo‘lganini, mamlakat hukumati shu yo‘l bilan boshqa ehtimoliy gumondorlarga xalaqit bermoqchi bo‘lganini qayd etmoqda.

Bunga parallel ravishda Milliy gvardiya rahbari - sobiq qirol Abdullohning o‘g‘li Miteb iste'foga chiqarilgan. U taxt vorisi Muhammadning ta'sir doirasiga kirmagan kam sonli saudiyalik oliy martabali amaldorlardan biri hisoblangan.

Al-Valid bin Talal kim?

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, shahzoda Al-Valid Al-Talalning moliyaviy holati - 19 milliard dollar atrofida. U dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatida 45-o‘rinni egallaydi. Shahzoda 62 yoshda, u Saudiya Arabistoni birinchi qirolining nevarasi hisoblanadi. Bin Talal Kingdom Holding Company'ga asos solgan va shu kunga qadar uni boshqarib keladi.

Shahzoda Citigroup moliyaviy korporatsiyasining eng yirik aksiyadori hisoblanadi, shu bilan birga, 21st Century Fox mediakompaniyasining hajmiga ko‘ra ikkinchi eng katta ulushi ham unga tegishli. Bin Talal Nyu-Yorkdagi Plaza Hotel mehmonxonasining nazorat paketini Donald Trampdan sotib olgan, biroq 2015 yilda tvitterda Trampni "nafaqat Respublikachilar partiyasi, balki butun Amerika uchun sharmandalik" deb atab, ishbilarmonning siyosiy karerasiga tanqidiy baho bergan va unga "hech qachon g‘olib bo‘la olmaydigan prezidentlik poygasi"dan o‘z nomzodini olishni tavsiya qilgan. Bunga javoban Tramp shahzoda shu yo‘l bilan otasidan qolgan pullar yordamida amerikalik siyosatchilarni boshqarmoqchi ekanini aytgan.

Shahzoda Saudiya o‘lchamlariga ko‘ra liberal qarashlari bilan mashhur - xususan, u davlat miyoqsidagi islohotlardan ancha avval ayollarga avtomobil boshqarishga ruxsat berilishi kerakligini aytgan. U Saudiya Arabistonidagi ilk ayol uchuvchining ta'lim olishini moliyalashtirgan va Saudiya ijtimoiy hayotining barcha sohalarida ayollarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Bundan tashqari, shahzoda o‘z boyligining aksariyatini xayriyaga sarflashga tayyor ekanini ma'lum qilgan.

Talal oktabr oyidayoq kriptovalyutalar va Aramco davlat neft kompaniyasining qisman privatizatsiyasi ehtimoli to‘g‘risida G‘arb OAVga intervyu bergan. The Guardian ekspertlaridan birining fikricha, agar shahzoda haqiqatda qo‘lga olingan bo‘lsa, bu ham Saudiya, ham xalqaro biznes-hamjamiyatida shok effektini keltirib chiqaradi.

Shahzodani qo‘lga olgan Muhammad bin Salmon kim?

Foto: Fayez Nureldine / AFP / Scanpix / LETA

Qirol Salmonning 32 yoshli o‘g‘li - Saudiya o‘lchamlariga ko‘ra juda yosh taxt vorisi: so‘nggi 40 yilda saudiyalik hech bir qirol 60 yoshdan erta lavozimga kirishmagan. Muhammad hozirgi lavozimiga joriy yilning yozida erishgan - bu unga qirol Salmonning 57 yoshli jiyani Muhammad bin Naifdan o‘tgan.

Salmonning mazkur qarori Saudiya hukumatini yoshartirishga urinishi bilan izohlangan: Saudiya Arabistoni aholisining 70 foizi 30 yoshdan kichik. Neft narxining beqarorligi va Yaqin Sharqdagi umumiy siyosiy nomuvofiqlik shart-sharoitlarida hukmron sulolaning aholi e'tiborini qozonishi muhim va bunda yangi avlod vakiliga urg‘u berilishi ayni muddaodir. Muhammadni odatda Saudiya ultrakonservativ o‘lchamlariga ko‘ra  liberal hisoblashadi. Mudofaa vazirligi va Iqtisodiy amaliyotlar kengashini boshqaruvchi Muhammad davlat lavozimlarida ishlab, qator islohotlar o‘tkazgan. Masalan, Saudiya diniy politsiyasi odamlarni hibsga olish huquqidan mahrum bo‘ldi; bundan tashqari, valiahd shahzoda jamiyatga G‘arb madaniyati belgilarini tadbiq etib boruvchi Saudiya hukumati qoshidagi Ko‘ngilochar hordiq departamentini yaratish tashabbusi bilan chiqqan.

Muhammadning yana bir muhim loyihasi — «Nigoh-2030», u Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va uni neftga qaramlikdan xalos qilishga doir katta dastur. Uning asosiy belgilaridan biri - eng yirik Aramco neft korporatsiyasining qisman privatizatsiyasi, kompaniyaning 5 foizini 2018 yilgi birjada sotuvga qo‘yish ko‘zlanmoqda - shundan so‘ng, Aramco rasman dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylanishi mumkin.

Shunga qaramay, Muhammad ko‘plab saudiyalik amaldorlar qatori konservatordir. Xususan, u mudofaa vaziri lavozimida o‘zini qo‘shnilar bilan munosabatlarda agressiv strategiya tarafdori sifatida namoyon etgan. Bin Salmon o‘z vazifasini Eronning ta'sir doirasi kengayishiga xalaqit berishda ko‘radi; 2015 yilda Yamandagi qurolli to‘qnashuvlarga Saudiyaning aralashuvi aynan shuning natijasida yuzaga kelgan. 2017 yilning may oyida Muhammad Eron bilan muloqotni "imkonsiz" deb atadi.

Bularning bari nimani bildiradi?

Ro‘y berayotgan voqealarning eng keng tarqalgan izohi — Muhammad bin Salmonning mamlakatdagi butun hukmronlikni o‘z qo‘liga olishga urinishi. Shahzoda bunday maqsadlarda ozodlikni cheklash chorasini birinchi marta qo‘llayotgani yo‘q. 2017 yil iyunidan buyon OAVda avvalgi valiahd Muhammad bin Naif o‘z saroyida uy qamog‘ida ekaniga doir xabarlar tarqalgandi (Saudiya Arabistonining rasmiy vakillari buni rad etishmoqda). Bundan tashqari, boshqa to‘ng‘ich shahzodalarning erkinligi ham cheklangani ta'kidlanmoqda. Sentyabrda musulmon jamiyatining bir necha ko‘zga ko‘ringan vakillarining qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Shahzoda Muteb Milliy gvardiya rahbari lavozimidan ketganidan so‘ng Saudiya Arabistonidagi mavjud qurollangan kuchlarning bori mudofaa vaziri lavozimidagi valiahd shahzoda nazoratiga o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: