Sun'iy intellekt Londonning eng yaxshi yuristlarini ortda qoldirdi

Fan-texnika 20:20 / 03.11.2017 8467

So‘nggi vaqtlarda kelajakda qator faoliyat sohalarini sun'iy intellekt boshqaruvi ostidagi robotlarga "topshirilishi" mumkinligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish u qadar xavotir uyg‘otmasa-da, fuqarolarning erkinligiga bog‘liq xizmatlar sohalari borasida bunday deb bo‘lmaydi. Masalan, yaqinda Kembrij talabalari tomonidan yaratilgan CaseCruncher Alpha algoritmi yuristlik vazifasini Tumanli albionning top-advokatlaridan-da yaxshi uddaladi.

CaseCruncher Alpha roboti Kembrij universitetining yuridik fakultetida ta'lim oluvchi uch talaba - Jozef Marusak, Rebekka Agliolo va Lyudvig Bull tomonidan ishlab chiqilgan.

Algoritm aslida ilg‘or neyrotarmoqlarga asoslangan chat-bot hisoblanadi. Chat-bot dastlab faqat yuridik yo‘nalishdagi savollarga javob bergan, biroq vaqt o‘tgach, u sud jarayonlarining nima bilan tugashini oldindan taxmin qila oladigan darajaga keltirilgan.

Next Web nashrida xabar berilgan noyob tajribaga ko‘ra, Londonning eng yetuk 100 nafar yuristi va CaseCruncher Alpha robotiga bir xil vazifa yuklandi - ularga sug‘urta to‘lovlariga doir 775 bahsli ish topshirildi, har bir jamoa bu ishlardan qaysilarini moliyaviy ombudsmen hal qilishi va qaysilari yakuniy xulosasiz qolishini imkon qadar aniq topishi kerak bo‘lgan. Oxir-oqibat yuristlar taxmini - 66,3 foiz holatda, sun'iy intellekt prognozlari esa 86,6 foiz holatda sudyaning qaroriga muvofiq kelgan.

Shunday ekan, savol tug‘iladi: sun'iy intellekt algoritmlari bunday ishlarni odamlardan yaxshi uddalasa va ularning xizmati arzonroqqa tushsa, u holda yuqori malakali real mutaxassislarga ish qolarmikan?

Ko‘proq yangiliklar: