3D printerda chiqarilgan to‘qimalar ilk bora muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi

Fan-texnika 08:27 / 02.11.2017 7904

3D bosib chiqarish texnologiyasi yanada keng tarqalmoqda. Agar 5 yil oldin biz bu texnologiya yordamida ichki a'zolar va to‘qimalar yaratilishi mumkin ekani haqida umuman o‘ylamagan bo‘lsak, bugungi kunda u haqiqatga aylandi. Misol uchun, Yaponiyadagi Kyusyu universitetining bir guruh olimlari 3D printerda chop etilgan jigarni muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazishdi. 

3ders.org nashrining Scientific Reports jurnaliga asoslanib xabar berishicha, birinchi tajriba laboratoriya kalamushida o‘tkazildi. Tadqiqotchilarning aytishicha, transplantatsiya qilinganidan bir hafta o‘tib, yangi to‘qimalar to‘liq qabul qilingan. Darhaqiqat, bu butun transplantologiya uchun juda katta qadamdir: amaliyotning muvaffaqiyati, butun ichki a'zoni almashtirish o‘rniga, donor organini kutmasdan uning kichik bir qismlarini almashtirish mumkinligini isbotladi. 

«Ignali massivlar yordamida 3D-to‘qimani belgilash tizimi murakkab geometriyali to‘qima ishlab chiqarish imkonini berdi. Uslubimiz uch o‘lchamli biobosma yordamida yuzlab jigar hujayralarini alohida birlashtirishdan iborat. Bundan tashqari, yangi uslub bir qator afzalliklarga ega: birinchi navbatda qon tomirlarning zararlanishiga olib kelmaydi va ikkinchidan, ichki a'zo to‘qimalari hamda transplantat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik tufayli yangi to‘qima tezroq hosil bo‘ladi», - deydi olimlar.

Lekin bu hammasi emas. Yangi texnologiyaning mohiyati shundan iboratki, kelajakda transplantatsiya uchun hujayralar probirkada emas, balki inson organizmida ishlab chiqariladi, bu immunitet tizimiga transplantatni rad etish bilan bog‘liq allergik reaksiyalar va salbiy oqibatlardan qochish imkonini beradi. Yapon olimlari yangi usulni nafaqat jigar to‘qimasini transplantatsiya qilish, balki boshqa organlarning transplantologiyasida ham qo‘llash mumkinligini ta'kidlashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: