Antiviruslar yaratishga ixtisoslashgan "Laboratoriya Kasperskogo" kompaniyasi axborot ochiqligi bo‘yicha global tashabbusni yo‘lga qo‘ydi. Uning maqsadi kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarni kompaniya mahsulotlari, ichki jarayonlari va biznes-operatsiyalari butunligi va ishonchliligini tekshirishga jalb qilishdan iborat.
Bu tashabbus doirasida kompaniya mustaqil ekspertlarga o‘z dasturlarining boshlang‘ich kodini tahlil uchun taqdim qilmoqchi. Bu 2018 yil 1-choragigacha yuz beradi. Kompaniya shu tariqa "birinchi navbatda foydalanuvchilarni kibertahdidlardan himoyalashga qaratilgan o‘z faoliyatining oydinligini tasdiqlashga" umid qilmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya ekspertlar bilan ma'lumotlarni qayta ishlash jarayonini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlarni ishlab chiqish, kiberxavfsizlik sohasida istalgan savollarni mijozlar, hamkorlar va davlat idoralari bilan hal qilish maqsadida butun dunyo bo‘ylab uchta ochiq-oydinlik markazini ochmoqchi va boshqa choralar ko‘rmoqchi. Birinchi markazni 2018 yilda ochish rejalashtirilmoqda. 2020 yilda bunday markazlar Osiyo, Yevropa va AQShda paydo bo‘lishi kerak.
Iyunda AQSh senatining qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi mudofaa vazirligiga "Laboratorii Kasperskogo" dasturiy ta'minotidan foydalanishni qonunan taqiqlashni taklif qilgandi. Bunga sabab sifatida kompaniya va Kreml o‘rtasida aloqa mavjudligi ro‘kach qilingan. AQSh ichki xavfsizlik vazirligi 13 dekabrgacha barcha davlat idoralariga ushbu kompaniya dasturlaridan foydalanishdan voz kechishni va ular o‘rniga boshqa dasturlardan foydalanishni majburiy qilib qo‘ydi.