Qozog‘iston avtomobilsozlik sanoati faoliyatining 2017 yil yanvar-sentabr oylari bo‘yicha natijalari ma'lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda «Kolyosa» nashri.
Qozog‘iston hududida joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida 13 123 dona avtomobil ishlab chiqarildi, ular orasida yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, maxsus mashinalar, tirkamalar bor. Ularning umumiy qiymati 101,4 milliard tengeni tashkil qildi.
Xabar qilinishicha, ishlab chiqarilgan mahsulotning hajmi o‘tgan yil xuddi shu davri ko‘rsatkichidan uch barobarga oshgan. Qozog‘istonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish dastlabki uch chorakda 3,9 baravarga oshib, 11 575 taga yetdi. Ta'kidlash joizki, chiqarilgan yuk mashinalarining soni 20,4 foizga kamaydi.
«Eksport yo‘nalishida muhim voqea - sentabr oyining oxirida O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qaror bo‘ldi. Ular Qozog‘iston avtomobil sanoati mahsulotlari uchun aksiz to‘sig‘ini olishdi. Ikkala mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aloqalari tarixida ilk bor Qozog‘iston avtomobil ishlab chiqaruvchilari qo‘shni respublika bozoriga kirishlari mumkin», - deya izoh bergan «KazAvtoProm» uyushmasi boshqaruvi raisi Oleg Alfyorov.
Qozog‘iston avtomobil zavodlari 2017 yil boshidan beri 13 129 ta mashinani sotdi. Bu natija o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 64 foizga ko‘proq, o‘shanda 8 003 dona sotilgandi. Yanvar-sentabr oylarida Qozog‘istonda yig‘ilgan yengil avtomobillarning eng mashhur 5 ta brendi ro‘yxatida Lada (6 372 nusxa), Hyundai (1 369), Kia (1 343), Chevrolet (1 045 birlik) va JAC (509) mavjud.
Mahalliy avtomobillarni sotish hajmi bo‘yicha birinchi o‘ntalikka Lada 4×4 (2 866), Lada Granta (1 230) va Lada Largus (1 071), Hyundai Elantra (633), Lada Vesta (563), Hyundai Tucson (558), Chevrolet Cruze (406), JAC S3 (379), Ravon Nexia (364) hamda Lada Xray (356 nusxa) kirgan.