Kloppning sehri tugadimi? APL 9-turining asosiy voqealari

Sport 16:40 / 23.10.2017 8227

Internetda Yurgen Kloppning «Liverpul»ning avvalgi murabbiylari bilan solishtirilgan statistikalari «izg‘ib yuradi» va u yerda nemis murabbiyining ko‘rsatkichlari hamkasblaridan pastroq ekanini ko‘rasiz. Ammo aynan bir jihat Kloppning Liverpuldagi ishlari muvaffaqiyatliroq ekanini ifodalardi – Klopp qo‘l ostida jamoa ayniqsa, top klublar bilan juda yaxshi o‘yin namoyish qilar va ijobiy natija qayd etadi.

Masalan, ushbu mavsum boshlanguncha, «Liverpul» Yurgen Klopp qo‘l ostida top-6 ga qarshi 17 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa, atigi 1 marotaba mag‘lubiyatga uchragandi xolos. O‘sha o‘yin ham katta tashabbus bilan «Liverpul» ustunligida o‘tgan, ammo Lui van Gaalning «Manchesteri» himoyada yaxshi o‘ynab 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Ushbu mavsumda bu sehr ishlamayotgan ko‘rinadi, Klopp allaqachon top-6 jamoalariga qarshi 4 o‘yin o‘tkazishga ulgurdi va ulardan ikkitasini yirik hisobda boy berdi, to‘plar farqi – 1:9. «Manchester Siti»dan mag‘lubiyat (0:5) ko‘proq o‘yin boshlarida Sadio Manening maydondan chetlashtirilishi bilan izohlangan bo‘lsa, «Uembli»da «Tottenhem» raqibga umuman imkoniyat qoldirmadi – 1:4.

«Liverpul»ning avvalgi katta o‘yinidagi (MYu – 0:0) durangidan so‘ng, Yurgen Klopp raqibning o‘ta himoyaviy o‘ynaganini ta'kidlab, uning jamoasi hech qachon bunday o‘ynashni o‘ziga ep ko‘rmasligini aytgandi. Janob Klopp endi bu fikrlarini qayta ko‘rib chiqar, ba'zida himoyalanish ham sharmandalik emasligini anglab yetar, aks holda hisoblar sharmandali ko‘rinishga kelib qolsachi?

 

«MARADONA BO‘LSANG, O‘ZINGGA!»

«Tottenhem» – «Liverpul» o‘yiniga argentinalik futbol qiroli Diyego Maradona tashrif buyurdi va o‘yinni mezbonlar xo‘jayini Daniel Levi bilan birga o‘tirib tomosha qildi. Maradona o‘z vaqtida Mourisio Pochettino bilan terma jamoada birga o‘ynagan va yaqin do‘st bo‘lgan, uning «Tottenhem»ga xayrixoh bo‘lishi sababi balki shudir.

Tanaffus paytida Diyego Maradonaga «Tottenhem»ning ramziy libosi taqdim etildi va u jamoaning faxriy muxlisi ekani e'lon qilindi. Qizig‘i, «Uembli» stadioni Maradonani ham, uning fan klubga «qabul qilingani»ni ham kutilganidek iliq qarshi olmadi.

Sababi ma'lum, jahon chempionatlaridagi bir qator janjalli o‘yinlardan so‘ng, Angliya va Argentina terma jamoalari muxlislari o‘rtasida o‘ziga xos ziddiyat yuzaga kelgan. Bunga dastlabki g‘ishtni qo‘ygan futbolchi esa, aynan Diyego Armando Maradona hisoblanadi. Esingizda bo‘lsa, JCh-86 chorak finalida uning qo‘li bilan Piter Shilton darvozasini ishg‘ol qilishi katta shov-shuv va janjallarga sabab bo‘lgan edi. 

 

«QOYIL, DeBYuTANTLAR»

9-turda APLning ushbu mavsumdagi debyutantlari yuz foiz g‘alaba qozondilar. «Brayton»ning safarda «Vest Hem» ustidan yirik g‘alabasi, «Haddersfild»ning «Yunayted»ni yenggani ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lsa, «Nyukasl»ning ligadagi tajribasi yetarli.

Umuman, mavsumda uchala jamoa ham yomon ishtirok etishmayapti va turnir jadvalida 11-o‘rindan yuqorida borishmoqda. Rafa Benites jamoasi ikki yil oldin APLda o‘ynagan va tarkib jihatidan saqlanib qolingan. Ammo «Brayton» va «Haddersfild»ning asosan Chempionship tajribasiga ega bo‘lgan futbolchilardan tuzilgan tarkibi yuqori ligada mana shunday natijalarni qayd etayotgani tahsinga sazovor, albatta. 

 

KUMAN YoKI BILICh?

«Kristal Palas» va «Lester» klublaridagi bosh murabbiy iste'folaridan keyin, navbatdagi muvvafaqiyatsiz murabbiy kim bo‘ladi? «Vest Hem» va «Everton»ning natijalaridan kelib chiqsak, aynan Slaven Bilich va Ronald Kuman asosiy nomzod ekanini taxmin qilish qiyin emas. 9-turda har ikki jamoa ham o‘z maydonida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashdi. 

Qizig‘i, har ikki murabbiy ham avvalgi mavsumlarni u qadar yomon o‘tkazmagan va ushbu mavsumda nihoyat Top-6 ga yaqinlashish uchun tarkibni kuchaytirishga yetarlicha harajatlar qilgandi. Ammo transferlar jamoalarga yordam bermayapti. Oxirgi yillarda asosan Yevropa Ligasi zonasidagi o‘rinlarni barqaror tarzda olib yurgan «Everton» va «Vest Hem» bugungi kunda xavfli zonada qolib ketmoqda.

 

KONTe BOShOG‘RIG‘I

Bu vaziyat «Manchester Yunayted»dagi Reshford-Marsiyal jumbog‘iga o‘xshaydi. Esingizda bo‘lsa, mavsum boshida Mourino Reshfordni asosiy tarkibga qo‘ysa, o‘zini ko‘rsata olmay, o‘rniga tushgan Marsiyal samarali harakat qilar, ammo murabbiy tarkibni mos ravishda o‘zgartirsa, endi, Marsiyal ishonchni oqlamay, Reshford zaxiradan tushib foyda keltirardi.

Konte ham «Chelsi» hujum chizig‘ida mana shunday holatda duch kelib qolgan. «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tgan o‘yinda, Alvaro Morata jarohati tufayli maydonga tusha olmagan, hujumdagi uning o‘rnini esa Batshuayi egallagandi.

Belgiyalik hujumchi o‘sha o‘yinda ishonchni oqlay olmadi va 57-daqiqada almashtirildi. Antonio Konte o‘yindan keyin ushbu hujumchidan juda norozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

«Uotford»ga qarshi o‘yinda esa, Morata asosiy tarkibda harakat qildi va uning maydonda ekanini hech kim sezmadi. 61-daqiqada uning o‘rniga maydonga tushgan Batshuayi o‘ziga ajratilgan yarim soat vaqt ichida ham hisobni tenglashtirdi, ham to‘rtinchi golni urib, uchrashuvga nuqta qo‘ydi. Keyingi o‘yinlarda maydonga kim tusharkin?

 

TUR IQTIBOSI: Joze Mourino:

«Bugun raqib xaqli ravishda g‘alaba qozondi. Yo‘lakda ketayotganimda Erreraning intervyusi qulog‘imga chalindi. U futbolchilarda o‘yinga bo‘lgan munosabat to‘g‘ri bo‘lmaganini aytayotgandi. Ey, xudoyim, bu nima degan gap? Menimcha, barcha futbolchi ham menga o‘xshab, matbuot anjumaniga borib, nima bo‘lganini tushuntirib berishlari lozim».

Iordaniyalik taniqli rassom Umar Mo‘mani bu fikrlarga o‘ziga xos tarzda e'tibor qaratdi:

Gvardiolaning «Manchester Siti»si bu turda ham ishonchli g‘alabaga erishdi, «Byornli» 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi va jamoa turnir jadvalida eng yaqin ta'qibchilaridan 5 ochko ilgarilab ketdi. 

Turnir jadvali:

RAQAMLAR

  • «Everton»ga qarshi o‘yining o‘zida Mesut O‘zil 8 marotaba sheriklariga qulay vaziyatlar yaratdi. Bu ushbu mavsum uchun eng katta ko‘rsatkichdir.
  • «Haddersfil Taun» 1952 yildan buyon birinchi marotaba «Manchester Yunayted» ustidan g‘alaba qozondi
  • «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda «Liverpul» APLdagi o‘zining 1000-golini o‘tkazib yubordi va shu ko‘rsatkichga yetib borgan oltinchi jamoa bo‘ldi.
  • Harri Keyn 2017 yildagi barcha musobaqalarda o‘zining 38-golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropada faqat Leo Messi (47) uni ortda qoldirmoqda. Agar terma jamoadagi gollarni ham qo‘shsak, Keynning gollari soni 45 taga yetdi.
  • «Liverpul» ushbu mavsumda safar o‘yinlarida 5 gol urib, 15 gol o‘tkazib yuborgan. Bu ligadagi eng yomon ko‘rsatkichdir.
  • Ueyn Runi «Arsenal» darvozasiga o‘zining 12-golini urishga muvaffaq bo‘ldi. U londonliklar darvozasiga eng ko‘p gol urgan futbolchidir.
  • Serxio Aguero «Manchester Siti» safidagi o‘zining 177-golini urdi va klub rekordchisi Erik Brukka yetib oldi.
  • Markus Reshford APLdagi 13-golini urdi. «Tinejyer» yoshda (20 yoshga to‘lmagan) «Yunayted» uchun eng ko‘p gol urgan futbolchi Ueyn Runidir – 15 gol. Ushbu rekordni takrorlash uchun Reshford kelayotgan shanba kuni ikki gol urishi shart. Chunki u 31 oktabr kuni 20 yoshga to‘ladi.
Ko‘proq yangiliklar: