Poroshenko namoyishchilarning maqsadi aslida nima ekanini aytdi

Jahon 19:50 / 20.10.2017 16413

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Kiyevda Oliy rada binosi yonida o‘tkazilgan norozilik namoyishi tashkilotchilarining maqsadi mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarish bo‘lgan, deb aytdi. Bu haqda RIA «Novosti» axborot agentligi xabar bermoqda.

«Kiyev markazida o‘tgan namoyish tashkilotchilarining asl maqsadi Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish bo‘lgan», deb aytdi Poroshenko chegarachilar oldida so‘zlagan nutqida.

Uning aytishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari ular oldiga qo‘yilgan vazifaning uddasidan chiqishgan va Rada oldidagi namoyishda qon to‘kilishiga yo‘l berishmagan.

18 oktabr kuni Oliy rada yonidagi Konstitutsiya maydonida namoyishchilar Poroshenkoga tegishli Roshen qandolatchilik fabrikasining konfet va shokoladlaridan «Petya, chayna» degan yozuvni tizib chiqishgandi.

Kiyev markazidagi namoyishlar bir necha kundan beri davom etmoqda. Namoyishchilarning bir qismi Poroshenkodan parlamentga aksilkorruptsion sud haqidagi qonun loyihasini kiritishni talab qilmoqda. Odessaning sobiq gubernatori Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlayotgan namoyishchilar esa Poroshenkoning iste'fosini talab etishmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: