Polestar (Qutb yulduzi) kompaniyasi bir vaqtlar Volvo kompaniyasining zavod tyuning-atelesi edi. Endilikda, u Shvetsiya savdo belgisiga tegishli alohida avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Kompaniya shu kunlarda o‘zining ilk mustaqil modelini namoyish etdi. Yangi mashinaga Polestar 1 nomi berildi.
Modelga gibrid kuch agregati o‘rnatildi. Motor 600 ot kuchi bilan ta'minlaydi.Kupe birgina elektrmotorning o‘zida 150 km yo‘l bosishi mumkin. Uning dinamik xususiyatlari e'lon qilinmagan.
Polestar 1 kupesiga o‘rnatilgan 2.0 l turboto‘rtlik benzinli dvigatel mashinaning oldi g‘ildiraklarini harakatga keltiradi. Ikkita elektrmotor orqa o‘qni aylantiradi.
Model Volvo kompaniyasining SPA platformasi negizida barpo etilgan. Shu bilan birga, Polestar 1 dunyoda birinchi bo‘lib, Öhlins kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan faol CESi podveskasi bilan jihozlanmoqda. Podveskaning har bir ustuni elektrboshqaruvli klapanlarga ega bo‘lib, turli yo‘l sharoitida mashina yumshoqligini ta'minlaydi.
Kupe kuzovining aksariyat panellari karbondan yasalgan. Bu esa mashina vaznini 230 kgga yengilroq qilish imkonini berdi.
Ma'lum qilinishicha, Polestar 1 Xitoyning Chendu shahridagi zavodda ishlab chiqariladi.
Keyingi Polestar mashinalari faqat elektr motorlar bilan jihozlanishi ta'kidlanmoqda. Ularning navbatdagisi – Polestar 2 – 2019 yildayoq paydo bo‘ladi. U Tesla Model 3 bilan xaridorlar ishonchi uchun kurashadi. Keyinroq, Polestar 3 deb nomlanuvchi krossover paydo bo‘ladi.